BMT rasmiysi: AQShda ayirmachilik kuchayishidan xavotirdamiz

  • Amerika Ovozi

BMT Bosh kotibining o'rinbosari Yan Eliasson

BMT yetakchi rasmiysining aytishicha, u Tramp ma'muriyati davrida iqlim isishiga oid Parij bitimining bekor qilinishidan hamda ayirmachilik kuchayishidan xavotirda.

BMT Bosh kotibining o'rinbosari Yan Eliassonga ko'ra, Tramp xalqaro tashkilot haqida ham salbiy fikr bildirgan. Ammo amalda bular noto'g'ri bo'lib chiqishidan umid qilaman, dedi u.

"Janob Tramp bilan BMTda va Vashingtonga elchilik paytimda shaxsan uchrashganman hamda o'sha davrda u BMTga nisbatan salbiy munosabatda bo'lmagan edi", - deydi u.

Eliassonning qayd etishicha, AQSh BMTning asoschilaridan biri va asosiy ustuni. Shu bois, deydi u, Vashington BMT ishida faol ishtirokini davom ettirishi kerak.

Eliassonning xavotir bildirishicha, dunyo bo'ylab muhojirlarga nisbatan salbiy kayfiyat kuchaymoqda va bu narsaning AQShda ham yuz berayotgani alohida tashvishga molik.

BMT rasmiysi Suriyadagi mojaro kuchayib borayotganidan ham tashvish bildirdi. Urushni tugatishga qaratilgan jiddiy siyosiy muzokaralar boshlanishi kutilmayapti, deydi u.

Eliasson Janubiy Sudandagi vaziyat bo'yicha ham fikr bildirdi. Uning aytishicha, Afrikaning bu o'lkasiga qurol sotishni taqiqlashga oid Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasiga Rossiya va Xitoy veto qo'yishi mumkin; bu esa mintaqada qonli ixtiloflar kuchayishiga hissa qo'shadi.