Radikalizm va yoshlar, Jenevada o'tgan anjuman xulosalari

  • Amerika Ovozi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti qonli ekstremizm va uning sabablarini bartaraf etish uchun jahon hamjamiyatini bir yoqadan bosh chiqarishga undamoqda.

Bugun Jenevada shu mavzuga bag'ishlangan xalqaro anjumanning ikkinchi va oxirgi kuni. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun unda qatnashayotgan 700 dan ziyod delegatlarga, vazirlarga murojaat qildi.

Terrorizm va ekstremizm yangi fenomen bo'lmasa-da, yangi texnologiyalar - smartfon, ijtimoiy tarmoqlar va ilg'or transport vositalari - bu balo saraton singari tarqalishiga turtki berayapti, deydi Pan Gi Mun.

Xavfsizlik va harbiy choralar samarasi juda cheklangan bo'lib, hatto ba'zida aks natija bermoqda. Yondashuvni o'zgartirish vaqti yetdi.

"Yondashuv keng qamrovli va muvozanatli bo'lishi lozim. Qonli ekstremizmni bartaraf etishni birinchi o'ringa qo'yaylik", - deydi BMT rahbari.

Odamlarni, ayniqsa, yoshlarni radikal g'oyalarga chorlayotgan, "Islomiy davlat" singari to'dalarga ergashtirayotgan aniq sabablar bor. Jamiyatdan, oilasidan ajralib qolgan, umidini boy bergan yoshlar ekstremistlar propagandasiga uchadi.

"Ularda na ish, na iqtisodiy imkoniyatlar bor. Xotin-qizlar xo'rlanayotgan jamiyatlar ham oz emas", - deydi Pan Gi Mun.

Konferensiyaga taqdim etilgan global reja 79 tavsiyani o'z ichiga oladi. Dunyodagi 1,8 milliard yoshlarning kuchi va g'ayratidan unumli foydalanish, ta'lim va inson huquqlariga e'tiborni oshirish, jihodchilarga qo'shilgan fuqarolarni vataniga qaytishga undab, ularni ish bilan ta'minlash haqida gap boradi hujjatda.

Hukumatlar bu tavsiyalar asosida o'z milliy rejalarini ishlab chiqishlari lozim.