BMT Xavfsizlik Kengashi Iroqdagi islomiy guruhni ogohlantirib, insoniyatga qarshi jinoyatlariga javob berishini eslatmoqda.
Iroqdagi bir necha viloyatlarni ishg’ol qilib olgan Iroq va Shom islomiy davlati guruhi bu hududlarda xalifalik e’lon qilib, o’z qonunlarini joriy etmoqda. Nasroniylar uylarini tark etishga majbur bo’lyapti.
Xavfsizlik Kengashiga ko’ra, guruh nafaqat Iroq va Suriyaga, balki butun mintaqa tinchligiga raxna solmoqda.
Kengash bayonotida aytilishicha, aholini millati, dini, e’tiqodiga qarab kamsitish insoniyatga qarshi jinoyat hisoblanadi va aybdorlar buning uchun javob beradi.
Sunniy jangarilar boshqa din vakillariga islomni qabul qilish shartini qo’ymoqda. Buni istamaganlar hududni tark etishi yoki maxsus soliq to’lashi kerak.
Bayonotda BMT ga a’zo davlatlardan Iroq va Shom islomiy davlati va uni qo’llab-quvvatlayotgan guruhlarga sanksiya qo’llash, qurol uzatmaslik so’raladi.