Breaking News

Livanlik sunniylar shialarga qarshi kurashga da'vat etilmoqda


Suriya chegarasi yaqinidagi Arsal shahrida portlash. Bu yerning aksariyat aholisi - sunniylar. 2-avgust 2014-yil
Suriya chegarasi yaqinidagi Arsal shahrida portlash. Bu yerning aksariyat aholisi - sunniylar. 2-avgust 2014-yil

Livanda sunniy musulmon jangarilar aholini shialarga qarshi bosh ko’tarishga da’vat etmoqda. Bu yerda ham Iroqqa o’xshab islomiy inqilob bo’lsin, deydi ular.

Livan armiyasi va Suriyadagi isyonchilar, jumladan jihodchi kuchlar Livan va Suriya chegarasi bo’ylab tez-tez to’qnashmoqda. Livandagi jangari sunniylarning shayxi isyonchilar, jumladan al-Qoidaga aloqador guruhlarni qo’llab-quvvatlaymiz, deydi.

Shayx Muhammad Komil Nizo Livan shimolidagi Tripoli shahrida sunniylarning bosh imomi. Aynan shu shaharda ikki mazhab vakillari bir-biri bilan ko’p to’qnashadi. Shayxning so’zlariga ko’ra, Iroqda bosh vazir al-Malikiy va shialar hukmron, Suriyada prezident Bashar al-Assad sunniylarni qirib tashlamoqchi. Sunniylar bu ikki rahbarga qarshi qurol ko’tarishga qaror qildi. Livanda ham shunday bo’ladi, deydi shayx.

46 yoshli shayxning olti farzandi bor. U bu gaplari uchun hibsga olinishidan xavotirda. “Amerika Ovozi” muxbiri bilan suhbat chog’ida uning yordamchilari kameralar orqali ko’chani, masjid atrofini kuzatib turdi. Politsiya kelsa, g’oyib bo’lishga tayyor.

O’tgan oy Tripolida taniqli salafiy imom qamalgan edi. Livan huquq-tartibot organlariga ko’ra, sunniy faollar xorijlik jihodchilar bilan aloqaga ega. O’tgan yili jihodchilar Livanning shialar yashaydigan rayonida o’ndan ziyod xuruj uyushtirgan edi.

Al-Qoidaga aloqador “Jabhat al-Nusra” va “Iroq va Shom islomiy davlati” (ISID) kabi guruhlarga munosabat haqida so’ralganida shayx shunday dedi:

Biz jihodchi guruhlarning ayrim harakatlarini tanqid qilamiz, ammo tripolilik sunniylar Suriya va Iroqdagi islomiy inqilobni qo’llab-quvvatlaydi.

Ayni paytda mamlakat rahbariyati mazhablararo zo’ravonlikni jilovlashga harakat qilmoqda. Hukumat kuchlari chegarani kesib o’tgan 3000 nafar suriyalik isyonchini bir necha haftadan buyon yo’q qilishga urinadi.

Rasmiylar shiddatli janglarda g’alaba qozonishga shay. Hizbulloh guruhi bilan hamkorlik qilayotganimiz yo’q, deydi ular.

Ammo Tripoli ko’chalarida odamlar bu gaplarga ishonmaydi.

A’zam ismli bir do’kon egasining norozilik bilan aytishicha, armiya sunniy jangarilarni hibsga oladi, ammo Hizbulloh a’zolarini tegmaydi. Sunniylarning huquqlari poymol etiladi, adolat yo’q, deya shikoyat qiladi u.

Harbiy qo’mondonlik esa inqilobdan qo’rqmasligini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG