Dushanba kuni BMT Xavfsizlik Kengashi bir ovozdan rezolyutsiya qabul qilib, Ukrainada Malayziyaga qarashli yo'lovchi samolyotning urib tushirilganini qoraladi va mamlakat sharqidagi isyonchilardan fojia ro'y bergan joyda tergovchilar ishiga halaqit bermaslikni talab qildi.
Samolyotdagi barcha 298 odam halok bo'lgan.
Ukraina, AQSh va Yevropa Ittifoqi rasmiylariga ko'ra, samolyot yerdan raketa bilan urib tushirilgan. Rossiya Mudofaa vazirligining xulosasiga ko'ra, Boing-777 ning yonida falokatdan oldin Ukrainaga qarashli Su-25 qiruvchi samolyoti uchgan.
Prezident Barak Obama Kremlni Ukrainadagi isyonchilardan tergovga halaqit bermaslikni, dalillarga tegmaslikni so'rashga chaqirdi.
Bugun qurbonlarning jasadlari joylashgan poyezd Torez shahridan Xarkovga jo'natildi, so'ng esa Niderlandiyaga yuboriladi. Bu mamlakat fojiada 189 fuqarosini yo'qotgan.
Isyonchilar Malayziya Havo Yo'llari vakiliga samolyotning qora qutisini bugun Donetsk shahrida topshirdi. Unda parvozga doir ma'lumot va pilot kabinasidagi muloqot yozilgan.
Britaniya bosh vaziri Deyvid Kameron Yevropa davlatlarini Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etishga chaqirmoqda. Ma'lum bo'lishicha, Yevropa Ittifoqi Rossiyani yuqori texnologiyali mahsulotlar bilan ta'minlashga chek qo'yishi mumkin.