AQSh Afg’onistonda 2015-yildan boshlab nima qiladi?

  • Amerika Ovozi

Afghanistan

AQSh rasmiylari 2015-yilda Afg’onistonda qoladigan qo’shinlarning soni kattaroq va missiyasi kengroq bo’ladi, degan xabarlarga aniqlik kiritdi.

Your browser doesn’t support HTML5

AQShning Afg’onistondagi harbiy rejalari/Shohruh Hamro

Prezident Barak Obamaning so’nggi qaroriga ko’ra, amerikalik askarlar faqatgina maslahatchi rolida emas, balki jangarilarga qarshi reydlarda ishtirok etishi ham mumkin.

AQSh Davlat departamentidan Jeff Ratke jurnalistlar bilan suhbatda afg’on missiyasi, rejalanganidek, shu yil oxirida yakun topishini ta’kidladi.

“Afg’onistonda saylov natijasi, yangi hukumat tuzish hamda xavfsizlik bitimini imzolash ishlari kechikkani bois 2015-yilgi rejalarimiz ijrosi ham sal orqada. Shuning uchun mamlakatda qoladigan qo’shinlar sonini 9800 ga yetkazish vaqt oladi”, - deydi rasmiy.

NATOga a’zo ittifoqchi davlatlar Afg’onistonda ikki ming atrofida askar qoldirishi mo’ljallangan. Lekin jarayon bir necha oyga kechikadigan bo’ldi. Vaziyatdan xabardor manbalarning bildirishicha, AQSh o’z askarlari sonini vaqtincha bir necha yuzga oshirib, bo’shliqni to’ldirishga yordamlashadi.

“Afg’onistonda harbiy missiyani davom ettirish va buning uchun qancha resurslar kerakligi borasida ittifoqchilar bilan haliyam maslahatlashyapmiz”, - deydi Pentagon so’zlovchisi admiral Jon Kerbi.

Obama Afg’onistonda harbiy missiyani kengaytirishga buyruq bergani, “maslahatchi” deya ta’riflangan askarlar janglarda bevosita qatnashishi haqida o’tgan hafta “Nyu-York Tayms” gazetasi xabar bergan edi.

Avvalgi bayonotlardan farqli ravishda, afg’on hukumati yoki xorijiy qo’shinlarga tahdid solgan jangari guruhlarga qarshi amaliyotlar olib borishga ruxsat berilgan, deyiladi maqolada.

Admiral Jon Kerbi so’zlariga ko’ra, Afg’onistonda AQSh qo’shinlari oldidagi vazifa ikki qismdan iborat. Birinchisi, mahalliy armiyani treningdan o’tkazish va ularga maslahatchilik qilish. Ikkinchisi, aksil-terror operatsiyalarda qatnashish. Amerika askarlari terrorchi guruhlar ketiga tushish va ulardan o’zini himoya qilishga haqli, deydi Pentagon rasmiysi.

Terrorchi guruhlar deganda al-Qoida va u bilan hamkor guruhlar, AQSh xavfizligiga tahdid deb ko’rilgan barcha tizimlar nazarda tutilyapti.

Yana bir yangilik… “Nyu-York Tayms” nashri va “Associated Press” agentligining xabar berishicha, Afg’oniston prezidenti Ashraf G’ani tungi reydlarni taqiqlash to’g’risidagi buyruqni bekor qilgan. Tolibonga qarshi kurashda muhim hisoblangan mazkur taktika sobiq prezident Hamid Karzay tomonidan man etilgan edi.

Yangi yildan boshlab afg’on maxsus kuchlari bunday reydlarni qayta boshlaydi, ayrim hollarda AQSh maxsus kuchlari ham ularga qo’shilishi mumkin.

Janubiy Osiyo bo’yicha ekspert Rafiq Dossani Hamid Karzay va Obama ma’muriyati o’rtasida bo’lgan munosabatlarni “sovuq urushga” qiyoslaydi.

“Ashraf G’ani esa Oq uyning taklif va tashabbuslariga ochiq chunki biladiki afg’on qurolli kuchlari haliyam zaif va mamlakatni mudofaa qila olishi uchun ancha yordam kerak. Iroqda bo’lgani kabi “Islomiy davlat” singari jiddiy tahdidlarga mahalliy armiya bas kela olmaydi”, - deydi mutaxassis.

Rafiq Dossani fikricha, afg’on rahbarining qarori ijobiy bo’lib, mintaqada tinchlik qaror topishiga hissa qo’shadi. Qo’shma Shtatlar va NATO Afg’onistondagi strategiyani chuqurroq va puxtaroq ishlab chiqishga harakat qilayotganiga ham, deydi u, Iroqdan olingan saboqlar sababchi.