AQSh diplomati Afg’onistonda siyosiy rahbarlar bilan uchrashmoqda

  • Amerika Ovozi

AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod va Afg'oniston Vitse-prezidenti Abdul Rashid Do'stum

Qo’shma Shtatlarning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod Afg’oniston tinchligi mavzuidagi safari doirasida Kobulda siyosiy rahbarlar bilan uchrashmoqda.

U “Milliy Junbish” partiyasining rahbari, Vitse-prezident Abdul Rashid Do’stum va Balx viloyatining sobiq hokimi, “Islomiy Jamiyat” partiyasining ijrochi raisi general Ato Muhammad Nur bilan muloqotda bo'ldi.

Vitse-prezident idorasiga ko'ra, “Do’stum va Halilzod mamlakatdagi joriy siyosiy-xavfsizlik vaziyat, ayniqsa shimoliy viloyatlardagi bugungi ahvol hamda Tolibon bilan tinchlik muzokaralari haqida gaplashdi”.

General Do’stum Zalmay Halilzodga o’z takliflarini bildirgan, jumladan Tinchlik Oliy Kengashi bilan birgalikda ayrim siyosiy shaxslar ham toliblar bilan muzokaralarda ishtirok etishini so’ragan.

Ayni damda general Ato Muhammad Nur AQSh diplomatining yangi mas'uliyati natija berishiga umid bildirgan. Unga ko'ra, barcha tomonlarga manzur bo’lgan “Kuchli Guruh” tuzilishi zarur. General AQShning Afg’onistonda tinchlik ta’minlanishi yo’lida olib borayotgan urinishlaridan mamnun ekanini aytadi.

“Tinchlik Afg’oniston xalqining azaliy orzusi”, - deydi Nur.

Ato Muhammad Nur ilgari surgan takliflar Zalmay Halilzodga manzur bo’lgani aytilmoqda.

AQShning Afg'oniston uchun maxsus vakili Halilzodga toliblarni muzokaraga ko’ndirish vazifasi yuklangan. Hatto uning istagi bilan Pokiston hukumati Tolibon guruhi asoschilaridan biri bo’lgan Mulla Birodarni qamoqdan ozod etgan edi.