AQSh rasmiylari Afg’onistondagi urushga yakun yasash bo’yicha xomaki reja tayyor ekani haqidagi xabarlarni inkor etmoqda. Tolibon harakati bilan muzokara davom etyapti, umidni boy bermayapmiz, deydi ular. Afg’onistonda yozda prezident saylovlari o’tishi kutilmoqda. O’shandan oldin kelishuvga erishish maqsad qilingan.
Tolibon bilan kelishuvga erishilsa, Afg’onistonda AQSh qo’shinlari ishtirokidagi 17 yillik urush nihoyasiga yetadi degan umid bor.
“Tolibon qonuniy maqomga ega bo’lishni xohlaydi. O’tmishdagi xatolarimizdan saboq oldik, yakkalanishni istamaymiz deb aytishmoqda”, - deydi AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakiliZalmay Halilzod.
U jangarilardan bunday so’zlar kelayotganini olqishlaydi. Uning fikricha, Afg’onistonda kelasi prezidentlik saylovidan oldin kelishuvga erishish imkoniyati bor.
“Tolibon bilan iyul oyigacha kelishib olish uchun vaqt yetarli. Muzokaralardan salmoqli natija bo’lsa, saylovga ham ijobiy ta’sir ko’rsatadi”, - deydi diplomat.
Ammo muzokarachilar avvalo bir qator muhim savollarga javob topishi kerak. Masalan, AQSh qo’shinlari Afg’onistonni qachon tark etadi? Tolibon shartlaridan biri shu.
“AQSh bilan bu haqda gaplashyapmiz. Askarlari imkon qadar tezroq Afg’onistondan ketishi kerak”, - deydi Tolibon delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Sher Muhammad Stanikzay.
AQShning talabi shuki, Tolibon al-Qoida va “Islomiy davlat” kabi guruhlar Afg’onistonda o’rnashib olmaydi, deb kafolat berishi kerak. Amerika harbiylari toliblar bunday va’daning ustidan chiqishiga ishonmaydi.
“Terrorizmga qarshi kuchlarimizni olib chiqish tavakkal bo’ladi”, - deydi Pentagon rasmiysi Oven Vest.
Ammo Prezident Donald Tramp xorijdagi qo’shinlar uyga qaytishi kerak, urushlardan to’yganmiz, deb ta’kidlamoqda.
“Urushlarni tugatish haqida gapirayotganda, ertaga nima bo’ladi, deb ham o’ylash kerak. Rejasiz tashlab ketish bo’lmaydi”, - deydi tahlilchi Ashli Tellis.
Ham AQShdan, ham Tolibondan charchagan afg’onlar uchun jamiyatda tinchlik, tartib bo’lishi muhim.
“Tolibon yoshlarga nisbatan ijobiy, yumshoq siyosat olib borsa, xursand bo’lamiz. 2001-yildagi tartib bizga kerak emas”, - deydi talaba Ahmad Faysal.
Tolibon ular bir paytlar boshqargan mamlakat o’zgarganini tan oladimi? Halilzod fikricha, muzokaralar natijasi shunga bog’liq.
“Tolibon harakati orqaga yo’l yo’qligini biladi”, - deydi AQSh diplomati.
Qanday bo’lmasin, afg’onlar tinchlik va’dalari vanihoyat amalga oshadi, deya umid qilmoqda.