AQSh va Tolibon o’rtasida 29-iyun kuni muzokaralarning yangi davrasi boshlangan. Tomonlar yettinchi bor muzokara stolidan joy egallagan. AQSh delegatsiyasiga maxsus elchi Zalmay Xalilzod boshchilik qilmoqda. Qatarda o’tayotgan uchrashuv qizg’in pallaga kirgan, deydi Tolibon vakili Suhayl Shahin.
“Assoshieytid Press” axborot agentligi bilan suhbatda Shahin har ikki tomon ham “amaliy natijalar”ga erishishni ko’zlayotganini ta’kidladi. Muzokaralarda AQSh va NATOning 20 mingdan ziyod qo’shinlarini Afg’onistondan chiqarish va uzoq yillik urushga barham berish masalalari muhokama qilinmoqda.
Tomonlar, shuningdek, Afg’onistonning terrorchilarga dunyo bo'ylab xurujlarni amalga oshirish uchun boshpana bo’lmasligiga kelishishga ham intilmoqda. .
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Afg’oniston urushini yakunlashga imkon beruvchi bitim 1-sentyabrga qadar imzolanishidan umidvor ekanini ma’lum qilgan.
“1-sentabrga qadar Tolibon bilan keng qamrovli kelishuv imzolanishiga ko'zim yetmaydi, biroq cheklangan doirada bitim tuzilishi mumkin. Jumladan, AQSh qo’shinlarining Afg’onistonni tark etishi borasida. Agar ungacha bu masalada olg'a siljish kuzatilsa”, - deydi AQShda asoslangan Vilson tahlil markazining Osiyo dasturi direktorining o’rinbosari Maykl Kugelman.
Pompeo va Xalilzodga ko’ra, yakuniy sulh shartnomasi AQSh qo’shinlarining chiqarilishi bilan chegaralanmaydi.
"Afg'on hukumati va Tolibon o’rtasida muloqot boshlash hamda qurolli to’qnashuvlarga doimiy barham berish majburiyatlari ham kiritiladi", - deydi ular.
Bugunga qadar Tolibon Afg’oniston hukumati bilan gaplashishdan bosh tortib keladi. Guruh Ashraf G’ani ma’muriyatini “qo’g’irchoq hokimiyat” deb ataydi. Mamlakatdan AQSh va unga ittifoqchi mamlakat qo’shinlari to’liq chiqarilmaguncha hukumat bilan muloqot qilmaymiz, deydi Tolibon rasmiylari.