7-fevral kuni AQSh Senatida chegara xavfsizligi, Ukraina va Isroilga yordamni o’z ichiga olgan 118 milliard dollarlik qonun loyihasi ovozga qo’yiladi. Hujjatni yuqori palatadagi demokrat va respublikachi qonunchilar kelishib tayyorlagani aytilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Unda chegara hududda muhojirlar uchun hibsxonani kengaytirish, siyosiy boshpanaga hujjat topshirgan xorijliklarga qarorni AQShda kutish amaliyotiga chek qo’yish, AQSh-Meksika chegarasidan bir kunda 8500 dan ortiq odam noqonuniy o’tsa, chegarani yopish ko’zda tutilgan.
Senatorlar chegara xavfsizligiga 20 milliard, Ukrainaga 60 milliard, Isroilga 14 milliard hamda Xitoy tahdidlariga yuz tutayotgan mamlakatlar, jumladan Tayvanga 5 milliard dollar ajratishni taklif etmoqda. Qonun loyihasida G’arbiy Sohil, G’azo va Ukrainaga gumanitar yordam uchun 10 milliard dollar ham bor.
“Amerika qudratini ko’rsatish uchun sarmoya qilish zarurati haqida, dushmanlarimizga dunyoning eng qudratli davlatiga xos tarzda siyosat yuritishimizni ko’rsatishimiz kerakligi haqida so’zlab kelaman. Amerikaning Moskva, Pekin va Eron kabi dushmanlari hamkorlikda ish qilishayotganini bilamiz”, - deydi Senatda respublikachilar sardori Mitch Makkonel.
Oq uy kelishuv Prezident Baydenga manzur ekanini bildirdi. Biroq Vakillar palatasining respublikachi spikeri Mayk Jonson qonun loyihasi Senatda o’tgan taqdirda ham quyi palatadagi partiyadoshlari uni qo’llab-quvvatlamasligini aytdi.
Respublikachilarga ko’ra, Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas chegaradagi inqirozga mas’ul, qonunchilar unga impichment e’lon qilmoqchi.
“Ushbu inqirozning oqibatlari dahshatli bo’lib, bu mamlakatda uning ta'sirini his qilmagan jamoa deyarli yo'q. Biroq bu tanlov inqirozidir. Va bu tanlovni hukumatda o’tirganlar qilgan. Ammo Vakillar palatasi bunday siyosatning davom etishiga endi yo’l qo’ymaydi”, - deydi Ichki tartib qoidalari bo’yicha qo’mita raisi Tom Koul.
Agar senatorlar taklif etayotgan qonun loyihasi quyi palatada o’tmasa, muzokaralar davom etib, Ukrainaga yordam undan ajratib olinishi mumkin.