Ittifoqchilar AQSh bilan razvedka bobida hamkorlik yuzasidan o'ylanib qolgan

  • Amerika Ovozi

Iroq, Iordaniya va AQSh zobitlari mashqda

AQSh dunyoda eng kuchli ittifoqchi va eng kuchli ittifoqchilarga ega. Lekin uning sheriklari yangi Prezident Donald Trampni tushunishga qiynalmoqda. Razvedka va maxsus operatsiyalar singari nozik masalalarda hamkorlik qilish ular nazarida xavfli ko'rinmoqda, chunki yangi Oq uy strategiyasi qorong'i.

"Nima bo'layotganini bilish qiyin", - deydi G'arb davlatlaridan birining Vashingtondagi diplomati. Ism-sharifi bildirilmasligini so'ragan bu rasmiy "Amerika Ovozi" bilan muloqotda Oq uyni ishonchsiz tomon deya ta'rifladi.

"Ma'muriyatda hali ko'p muhim o'rinlar bo'sh", - deydi diplomat.

Biroq uning fikricha Tramp hozirdanoq ittifoqchilarga nisbatan muvozanatli munosabatda bo'lishga qodir emas. Oq uy uchun ayrim ittifoqchilar boshqalaridan ustun bo'lishi va Prezident Tramp buni ochiq aytib, tomonlarni noqulay vaziyatga qo'yishi mumkin.

AQShning yangi rahbari Yevropa Ittifoqi va NATO a'zolari bilan qanchalik yaqin aloqada bo'ladi? Rossiyaga nisbatan ular bilan qanchalik kelishib, maslahatlashib ish yuritadi? Bu borada Atlantika okeanining narigi tomonida xavotir kuchli.

Tramp Vladimir Putinni hurmat qilishini aytib keladi. Yaqinda bergan intervyularida ham buni qayd etib, u bilan til topishish niyatida ekanini ta'kidladi.

Tramp NATOni tanqid qilib, uni eskirgan, keraksiz blok deb atagan. Lekin yaqinda Oq uyda Britaniya Bosh vazirasi Tereza Mey bilan uchrashganida bu harbiy alyansni muhim ittifoq deya tan olib, birga ishlashga so'z berdi.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan telefonda gaplashganida ham blokni kuchaytirish uchun harakat qilishini aytgan. Biroq Tramp nazarida ittifoqning har bir a'zosi uning faoliyati uchun birdek jon kuydirishi kerak, hozirda ular AQShga tayanib qolgan.

Prezident Donald Tramp Markaziy qo'mondonlikda so'zlamoqda, Florida shtati



Oq uy rasmiylari deydiki, NATO va Rossiyaga nisbatan siyosatni yangilash - zamon talabi. Biroq G'arbda Putinga nisbatan qarshilik kuchli, sanksiyalar amalda, Kreml qo'shni davlatlarga agressiv yondashishda davom etmoqda.

"Rossiya buzg'unchi davlat", - deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan Yevropa diplomati.

Rasmiyga ko'ra, Kreml Fransiya, Germaniya va Gollandiyada irqchi partiyalarni quvvatlamoqda. Amerikada ham saylov jarayonini buzishga urindi, Demokratik Partiyaning internet tizimlariga xurujlar qildi, deya ayblaydi arboblar.

Rossiya G'arbni qoralovchi soxta ma'lumotlar tarqatib, demokratik tuzumlarni yaramas, ishonchsiz davlatlar sifatida ko'rsatish harakatida. Bunday vaziyatda Oq uy Putin bilan ishlashga ahd qilgani ittifoqchilar yuziga tarsaki tushirish bilan barobar, deydi diplomat.

Rossiya rahbari Vladimir Putin



Milliy xavfsizlik kengashining bildirishicha, Tramp ma'muriyati har bir ittifoqchini qadrlaydi va hech kim bilan aloqani buzish niyatida emas. G'arb hukumatlari bu bayonotdan mamnun lekin bu so'zlarni amalda ko'rmoqchi.

Gollandiya elchisi Enne Shuver deydiki, uning davlati AQShning turli agentliklari bilan hamkorlik qilib, terrorizm va xalqaro jinoiy tizimlarga qarshi kurashda birga ishlab kelmoqda. Bundan hamma manfaatdor, deydi elchi.

Yevropa Ittifoqining Migratsiya, ichki xavfsizlik va fuqarolik masalalari bo'yicha komissari Dimitris Avramopulos ham Vashington bilan aloqa joyida, deydi.

"Xavfsizlikka tahdid deganda AQSh va Yevropa Ittfifoqi e'tibori bir xil omillarda", - deydi Avramopulos.

Ittifoqchilar xavotirni yashira olmaydi, lekin Tramp ma'muriyati endigina ish boshlaganini tushunadi, vaqt kerak. Prezident real vaziyat bilan tanishar ekan, deydi G'arb rasmiylari, har bir qaror global ahamiyatga ega ekanini unutmasligi kerak.