AQSh Tolibon bilan muloqotga ochiq, lekin yon bermaydi

  • Amerika Ovozi

Tolibon bilan muzokara uchun eshiklar ochiq, ammo Qo'shma Shtatlar bu jangari guruhga yon bermaydi. AQShning Afg'onistondagi elchisi Jon Bass "Amerika Ovozi" bilan suhbatda shu haqda bayon qildi.

Unga ko'ra, AQSh strategiyasi ikki qirrali.

"Afg'oniston hukumati va xalqiga terrorchi guruhlarga, jumladan Tolibondan kelayotgan tahdidlarga qarshi kurashda ko'maklashyapmiz. Kobul tinchlik muzokaralariga ochiq ekanini aytib kelmoqda. Toliblar bu imkoniyatdan foydalanmaguncha, hukumat bilan o'tirib muloqot qilmaguncha, ularga qarshi harbiy bosim davom etadi", - deydi Jon Bass.

Amerika Pokistonni Tolibon orqasidagi kuch deb biladi va bu davlatga bosimni oshirib kelmoqda. Prezident Donald Tramp nazarida, Islomobod toliblarni yo'lga solish qudratiga ega. Afg'onlarga bunday strategiya ma'qul, ammo Afg'onistondagi so'nggi xunrezliklar hech narsa o'zgarmaganini ko'rsatadi.

Elchi Jon Bass

Pokiston chindan ham Tolibonni sulhga ko'ndirishga harakat qilayaptimi?

"Pokiston o'z hududidan kelayotgan tahdidlarni jilovlayotganini ko'rsatishi lozim. Yangi yondashuv tufayli hamkorlik oshgan, lekin yetarli darajada emas. Afg'onistonda haqiqiy tinchliklikka erishish uchun Kobul bilan va boshqa ittifoqchilarimiz yordamida Pokistonni dadilroq qadamlar tashlashga undayapmiz", - deydi elchi.

AQSh Afg'onistonda "Islomiy davlat" guruhini quvvatlayotgani haqidagi Eronning ayblovlarini Jon Bass "kulgili va asossiz" deya inkor etadi.

Yaqinda Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Daish a'zolari AQSh vertolyotlarida tashilgani va jang maydonlaridan qutqarilganini da'vo qilgan edi.

"Haqiqat shuki, Daishni oyoqqa turg'izgan asosiy omillardan biri bu Rossiya va Eronning Suriya rahbari Bashar al-Assadni qo'llab-quvvatlaganidir", - deydi AQSh elchisi.

So'nggi oylarda Rossiya ham Daish o'rnashib olgan Afg'oniston shimoliga harbiy vertolyotlar tez-tez qatnayotganini da'vo qiladi, ammo AQSh va NATOni ochiq tilga olgani yo'q.

Aytish joiz, 24-26 mart kunlari O'zbekiston Afg'onistonda barqarorlikka erishish yo'llarini muhokama qilish maqsadida xalqaro anjuman o'tkazmoqchi. Yig'in poytaxt Toshkentda rejalangan.