Afg'oniston hukumati Tolibon bilan muloqotga tayyor. AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis bugun Kobulga borib, Prezident Ashraf G'ani bilan uchrashgan. Vashington Kobul pozitsiyasini quvvatlamoqda.
Yaqinda 25 mamlakat vakillari ishtirokida o'tgan anjumanda G'ani NATO olqishi ostida Tolibonni siyosiy taraf sifatida tan olib, unga qonuniy muxolifat sifatida qarashga so'z berdi. Qurolini tashlagan jangarilar normal hayot boshlasa, hukumat ularni ish bilan ta'minlashga, ularga hujjat berishga rozi.
Mattis nazarida murosa qilishga tayyor toliblar, afsuski, ko'pchilik emas. Aksariyati harakatdan ajralib chiqqan va tinchlik istagan tomonlar, deydi Amerika Mudofaa vaziri.
Afg'oniston Bosh vaziri Abdulla Abdullaning aytishicha, shu kungacha Tolibon murosa qilishga shayligi haqida aniq bir gap aytmagan.
Mart oxirida Toshkentda Afg'oniston bo'yicha xalqaro anjuman o'tadi. Tolibon unda qatnashish uchun harakat qilmagan. O'zbekiston qo'shni davlat barqarorligi yo'lida hissa qo'shishga bel bog'lagan va tomonlarni muzokaraga chaqirmoqda.
Tolibon Elis Uelsning gaplariga munosabat bildirganida faqat Amerika hukumati bilan yuzma-yuz gaplashishga shayligini bayon etgan. Harakat Kobuldagi markaziy hukumatga ishonmaydi.
Facebook Forum