Breaking News

Ishsizlik keng ekan, afg'on yoshlar "Islomiy davlat" safiga qo'shilmoqda


Nangarhor viloyati
Nangarhor viloyati

Afg'oniston sharqidagi Nangarhor viloyatida mahalliy hokimiyat ko'plab yoshlar jangarilikka kirayotganidan xavotirda. Ishsizlik keng ekan, terrorizm - tirikchilik.

"Oilalar o'zlari kelib aytishmoqda. Jangarilikdan boshqa ish yo'q", - deydi Nangarhor viloyati Yoshlar boshqarmasi rahbari Matiulla Ahmadzoy.

Imkoniyat izlaganlar hozircha uni "Islomiy davlat"dan topmoqda. Ularni maqsad tinchlik deya ishontirishadi. Keyin esa qo'liga qurol berib, bor, jang qil, deyishadi.

Habibulla Qodiriy ismli rasmiyga ko'ra, Achin tumanida har kuni o'nlab yoshlar jangariga aylanmoqda.

"O'qiyman desa maktablar yo'q. Ishlayman desa ish yo'q. Qarabsizki, har oy yuzlab yoshlar ekstremistlar safida", - deya afsuslanadi u.

Markaziy hukumat nazarida bu xavotirlarda jon bor, biroq vaziyat u qadar dahshatli emas.

"Yuzlab yoshlar terrorist bo'lib ketdi deyish haqiqatni aks ettirmaydi", - deydi Attaulla Xogiyaniy, Nangarhor viloyati hokimi matbuot kotibi.

Norasmiy hisoblarga ko'ra, Afg'onistonda ishsizlik 30-40 foiz orasida.

Kobul universitetidan Toj Muhammad Akbarning aytishicha, hukumat yo ish o'rinlari yaratishi kerak yo odamlarga moddiy yordamni oshirishi lozim. Aslida har ikkisini qilishi kerak, deydi ziyoli.

"Islomiy davlat" so'nggi ikki yilda Amerikadan qattiq zarba yegan. Afg'on armiyasi ham bo'sh kelmayapti. Shu bois ishsizlik va nochorlikdan terroristlar foyda ko'rmoqda, chunki ularga jangari kerak.

Qo'shni Kunar viloyatida ham shunga o'xshash vaziyat. Tirikchilik og'ir ekan, "Islomiy davlat" yashash uchun kurashda yordam beruvchi kuch. Odamlarga non kerak, buning uchun esa pul.

Bir qancha tumanlar hamon "Islomiy davlat" iznida. Ular mahalliy iqtisodiyotni boshqaradi. Jangarilarga haq asosan mana shu manbalardan, nazorat ostidagi korxona va bizneslardan keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG