Kobul Tolibon bilan shartsiz muloqot qilishga tayyor. Tolibon shu kungacha salbiy javob qaytargani yo'q. Bu, deydi ekspertlar, harakat ichida maslahat ketayotganini ko'rsatadi.
Tolibon Amerika bilan yuzma-yuz muzokaraga shay ekanini aytib, bir betlik xat yozgan edi. Yaqinda "Amerika Ovozi" bilan intervyuda AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Elis Uels Tolibon bilan muzokara imkoniyati hali ham borligini aytganida, harakat bunga ijobiy javob bergan edi.
Pokiston harbiy qo'mondonlari umidga to'la. Chunki, deydi ular, Tolibon bilan muloqot boshlansa, Islomobodning nafaqat Kobul balki Vashington bilan aloqalari ham yaxshilanishi turgan gap. Pokiston, ular gumon qilganidek, Tolibon bilan apoq-chapoq emas, terroristlarni o'z hududida yashirmagan.
Oradagi ishonchni tiklash oson kechmaydi, deya tan oladi Pokiston rasmiylari.
Tolibon Eron va Rossiya bilan hamkorlikka intilayotgani, orada rishtalar borligi ma'lum.
Afg'oniston va Pokiston orasidagi tog'li hududda jangarilar hamon faol va ko'plab qishloqlarda toliblar hukmron. Kobuldagi markaziy hukumat ularni idora eta olmaydi. Pokiston tarafidagi yerlarda esa qabilaviy boshqaruv mavjud. Vaziyat haqida so'ralganida, har ikki davlat rahbariyati bir-birini ayblash bilan cheklanadi.
Tolibon azaldan agar Amerika chiqib ketmasa, Kobul bilan gaplashmaymiz, deya do'q qilib keladi. Biroq hozirda AQSh bilan gaplashishga shay, lekin Kobulga ishonmaydi.
AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis kecha Kobulga borib, Prezident Ashraf G'ani bilan uchrashgan. Vashington Kobul pozitsiyasini quvvatlamoqda.
Yaqinda 25 mamlakat ishtirokida o'tgan anjumanda G'ani NATO olqishi ostida Tolibonni siyosiy taraf sifatida tan olib, unga qonuniy muxolifat sifatida qarashga so'z berdi. Qurolini tashlagan jangarilar normal hayot boshlasa, hukumat ularni ish bilan ta'minlashga, ularga hujjat berishga rozi.
Vashington Islomobodga bosimni oshirgan, lekin Afg'oniston va Pokiston til topishishi kerak; Janubiy Osiyo tinchligini ta'minlashda bu ikki hukumat hamkorligi zarur, deya qayd etmoqda.
Tolibon bilan muzokarani Kobul boshqarishi kerak, xorijiy davlatlar emas, deydi xalqaro koalitsiya qo'mondoni, AQSh generali Jon Nikolson.
O'tgan hafta Pokiston Tashqi ishlar vazirasi Taxmina Janjuvo Vashingtonga kelib ketdi. Tramp ma'miriyati bilan uchrashuvlarda tomonlar yaqindan ishlashga kelishib olgan. Biroq Vashington pozitsiyasi shuki, toliblarning hamon kuchli ekanida Pokistonning qo'li bor. Islomobod ularni zimdan quvvatlaydi, degan ishonch kuchli.
O'tgan hafta AQSh dronlari 21 jangarini yo'q qilgan. Ular orasida Pokiston toliblari bo'lgan. AQSh Pokistondagi toliblarining yetakchisi Mulla Fazlullani tutishga yordam bergan odamga 5 million dollar va'da qilmoqda. Fazlulla Afg'onistonda deya taxmin qilinadi.
Facebook Forum