Iroq va Suriyada "Islomiy davlat"ga qarshi kurashayotgan xorijliklar

  • Amerika Ovozi

AQShdan Suriya va Iroqqa ketganlarning yarmidan ko’pi “Islomiy davlat” saflarida emas, balki terror guruhiga qarshi kurashayotgan bo’lishi mumkin.

Londondagi Strategik dialog instituti (ISD) izlanishi hamda sud ishlari va razvedka xizmatlari to’plagan ma’lumotlar asosida shunday xulosaga kelish mumkin.

“Ular bosib o’tadigan yo’l azaldan ma’lum. Bizni hayron qoldirgan narsa – bu fenomenning ko’lami”, - deydi ISD tadqiqotchisi va “Islomiy davlat” haqidagi hujjat muallifi Henri Tak.

Hisobotda 2015-yilgacha Yaqin Sharqqa “Islomiy davlat”ga qarshi kurashish uchun borgan xorijiy jangarilar fuqaroligi va maqsadlari o’rganiladi. Ular orasida 114 AQShlik jangchi bo’lgan. Bu esa mojaroda qatnashish uchun mintaqaga borgan 250 amerikalikning 46 foizi, ya’ni kattagina qismi.

Bu raqam balandroq bo’lishi ham mumkin, ayniqsa, ayrimlar Suriya va Iroqqa ketayotganida AQSh chegarasida hibsga olinganini inobatga olsa.

Rasmiylar pozitsiyasi qanday?

Albatta, Suriya va Iroqqa safar qilish qonunga zid emas, ammo AQSh Davlat departamenti fuqarolarga bu davlatlarga borishni tavsiya etmaydi.

Biroq amalda Yaqin Sharqqa borish qiyin emas.

“Mamlakatdan chiqmoqchi bo’lganlarning chegarada to’xtatilishi hollari kam. Ularni chetga chaqirib, bir-ikkita savol berishlari mumkin. Qayerga yo’l olyapsiz, rejalar qanday qabilidagi savollar. Lekin kamdan-kam hollarda bunday odamlar ortga qaytariladi”, - deydi Tak.

AQShda urush faxriylari orasidan ko’ngillilarni yig’ib, Iroq va Suriyada terrorchilarga qarshi kurashga jalb etish tashabbuslari ham bor.

Shunday tashabbuschilardan biri Metyu Vandayk 2015-yil fevralida “Amerika Ovozi” bilan suhbatda o’zini ertadan kechgacha aynan shu ish bilan shug’ullanishi, ya’ni ko’ngillilarni qidirishini aytgan edi.

Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, Yevropada ham shunga o’xshash tashabbuskor guruhlar bor.

Rasmiylar esa bunday tashabbuslarga qarshi.

“Ekstremistlar ham, ekstremistlarga qarshi kurashayotganlar ham xavfni oshiradi”, - deydi sobqi razvedkachi Patrik Skinner.

Ular kimlar?

Hisobotga ko’ra, mojaro hududiga borishning bir necha yo’li bor.

Biri - Turkiya orqali Iroq Kurdistonidagi Sulaymoniyaga safar qilish. Aynan o’sha yerda “Islomiy davlat”ga qarshi kurashayotgan xorijliklar yig’iladi.

Boshqalari Yevropadan Ko’rfaz davlatlari va so’ngra Iroqqa yo’l oladi.

Bunday jangchilarning 30 foizidan ziyodi – sobiq urush faxriylari, G’arbning Iroqdagi harbiy operatsiyalarida qatnashgan. Ayrimlari ishni bajarib bo'lgach, vatanga qaytamiz, deydi.

“Xalqaro hamjamiyat mintaqada xavfsizlikni ta’minlay olmayotgan ekan, buni biz o’zimiz qilamiz, bu bizning mas'uliyatimiz, deb ishonadi ayrim jangchilar”, deyiladi hisobotda.

Qizig'i shundaki, "Islomiy davlat" saflariga qo'shiladiganlar ham, ularga qarshi kurashish uchun Iroq va Suriyaga yo'l oladiganlar ham bir-biriga o'xshaydi. Bu odamlar, asosan, vatanida, jamiyatda o'z o'rnini topolmaganlar, qiynalganlar, hayotidan qoniqmaganlar", - deydi tahlilchi Tak.