Parij, so’ngra Kaliforniyaning San-Bernardino shahridagi ommaviy qirg’inlar oqibatida AQSh siyosatchilari kelajakda shunday xurujlarning oldini olish yo’llarini izlay boshladi. E’tiborni potensial terrorchilar mamlakatga kirishi mumkin bo’lgan ikki yo’lga qaratmoqda ular.
Biri – K-1 vizasi. U, shuningdek, kelinlik yoki kuyovlik vizasi deyiladi. San-Bernardinoda otishma boshlagan Said Faruk turmush o’rtog’i Tashfin Malikni mamlakatga aynan shunday viza yordamida olib kelgan.
Yiliga 25 mingdan ziyod odam bu turdagi vizani olishga muvaffaq bo’ladi.
Ikkinchisi – Viza talab qilmaslik dasturi (Visa Waiver Program). Unga ko’ra, dunyoning 38 mamlakati fuqarolari AQShga vizasiz kirishi va 90 kun turishi mumkin.
“Amerikaga vizasiz keladigan odamlarni qattiqroq tekshirishimiz, ularning urush zonalariga borgan-bormaganini bilishimiz kerak. Kongressdagi ikkala partiya aynan shuni ko’rib chiqmoqda”, - deydi Prezident Obama.
2013-yilda AQShga Viza talab qilmaslik dasturi doirasida 21,2 million odam kirgan. Ular turizm maqsadida yoki ish bilan kelganlarning 39 foizini tashkil etadi.
Kongress masalani ovozga qo’yadi
Vakillar palatasi shu hafta dasturni isloh qilish masalasini ovozga qo’ydi va ma'qulladi. Agar taklif Senatda ham qabul qilinsa, AQShga vizasiz kela oladigan mamlakatlar fuqarolari so’nggi besh yilda Iroq, Suriya yoki boshqa “tashvishga loyiq mamlakat yoki hudud"ga borgan bo’lsa, Amerikaga kiritilmaydi.
38 mamlakat hukumatlari buni aniqlashda AQSh bilan ma’lumot almashib, hamkorlik qilishi zarur. Aks holda ularga oid Viza talab qilmaslik dasturi bekor qilinishi mumkin.
Prezident Obama Davlat departamenti hamda Ichki ishlar vazirligiga K-1 vizasini olish qonun-qoidalarini qayta ko’rib chiqishni buyurgan.
Tashfin Malik Pokistonda tug’ilgan, so’ngra Saudiya Arabistoniga ko’chib borgan va Said Faruk bilan tanishgan.
Mamlakatga kirish
Ularning bir marta uchrashgani Malikning K-1 vizasini olishi uchun kifoya bo’ldi. Buning uchun Faruk uchrashuvni isbotlaydigan dalillar to’plab, vizaga ariza topshirgan.
Kelinlik (kuyovlik) vizasini olish nisbatan oson.
Immigratsiya markazidan Devid Nort so'zlariga ko’ra, K-1 vizasiga topshirilgan arizalarning deyarli barchasi ijobiy hal qilinadi.
Biroq tarixda ilk bor K-1 vizasini olgan odam qotillikka qo’l urgan, deydi Nort.
“Bilishimcha, ilgari ham Yaqin Sharqdan AQShga kelganlar qotillikda yoki qotillikka urinishda ayblangan, ammo ular turist, talabalik yoki immigrant vizasi bilan kelganlar edi. K-1 vizasi bilan kelgan qotilning birinchi uchrashi”, - deydi u.
Viza talab qilmaslik dasturini cheklash hamda K-1 vizasini berish qoidalarini o'zgartirish atrofidagi bahslar davom etar ekan, Obamaning suriyalik qochqinlarni qabul qilish rejasiga qarshilar ko’paygan ko’rinadi.
Oq uy so’zlovchisi Josh Ernest juma kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda suriyalik qochqinlar eng qattiq tekshiruvlardan o’tkazilishini aytdi.