Imkoniyati cheklangan ijodkorlarga yordam berayotgan jamg'arma

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Imkoniyati cheklangan odamlar uchun imkoniyatlar - Autistic adults

Nogiron bolalar ota-onalari farzandining kelajagini o’ylab, xavotirga tushadi. Ruhiy yoki jismoniy nogironlikka yo’liqqan bolalar ulg’aygach ish topish va mustaqil hayot kechirish muammosi tug’iladi. Ularga bu ishda yordam beruvchi tashkilotlar ko’p emas. AQShda voyaga yetgan aholi orasida 1,2 million odam autizm kasalligiga chalingan. Bemorlardan birining onasi boshqa autistlarga yordam berish maqsadida jamg’arma tuzdi.

Rafael Anjevin soatlab fotosurat olishi mumkin.

“Buni faqat o’zim uchun qilaman. Ataylab tayyorgarlik ko’rmayman. Shunchaki rasm olaman,” - deydi u.

Rafael 26 yoshga yetganda autizmga chalinganini bildi. Onasi Noelining aytishicha, yigitning fotosuratchilikka qiziqishiga otasi sababchi bo’lgan.

“U atrofimizda oddiy narsalardagi go’zallikni ko’ra oladi. Inson ijodi mahsuli bo’ladimi, tabiat yaratganimi, hammasi go’zal bo’lib chiqadi. Naqadar sirli va ajib,” - deydi ona.

Rafael olgan suratlardan biri “Atrofimizdagi dunyo” deb nomlanadi. Bu uning hozirda ko’rgazmaga qo’yilgan uch suratidan biri.

Medison nomli autizm jamg’armasi homiyligida tashkil etilgan ko’rgazmada bu dardga chalingan ijodkorlar asarlarini ko’rish mumkin.

Ushbu nodavlat tashkiloti asoschilaridan biri Jalin Prays jamg’armani autizmga chalingan o’g’li, 24 yoshli Medison nomiga qo’ygan. Farzandi autist bo’lgan boshqa ota-onalar tashvishlarini yaxshi tushunaman, deydi Prays.

“Mendan keyin bolamga nima bo’ladi? Eng jiddiy xavotirim shu. O’g’lim baxtli va mazmunli hayot kechirishini kim kafolatlaydi?” - deydi u.

Tashkilot autizmga chalingan odamlarga uy sotib olish va ishga joylashish imkoniyatlarini yaratishni ko’zda tutadigan qonunni ilgari surmoqda.

“Ishsizlik juda katta muammo. Ma’lumotlarga ko’ra, autizmga chalinganlarning 85 foizi hayoti davomida yaxshi ish topa olmaydi,” - deydi Prays.

“Ko’zimiz bilan” deb nomlangan ko’rgazmaga homiylik qilish Praysning yana bir orzusining ushalishiga olib keldi - autistlarni yaxshiroq tushunish va ularni qabul qilishga. Merilenddagi universitetlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan bu ko’rgazmaga qo’yilgan 20 ta asar odamlar e’tiborini autizm muammosiga qaratmoqda.

Maktab direktori Stuart Edelshtayn ko’rgazma bilim berish yo’lida ham xizmat qilayotganini aytadi.

“Talabalarimiz kelajakda hamshira, o’qituvchi, ijtimoiy soha xodimi bo’lib yetishadi. Jamiyatimiz hayotida faol ishtirok etadi. Demak, jamiyatda autizm kasalligiga chalingan a’zolar ham borligini, ularning ehtiyojlarini tushunishi ularning bo’lajak professional faoliyati uchun nihoyatda foydalidir,” - deydi u.

Noeli Anjevin bu gapga qo’shiladi.

“Rafaelga o’xshagan boshqa iqtidorli odamlar ko’chada qo’lib ketmasdan, mehnat qilsa, biz ijodidan foydalansak, iqtisod uchun foyda.”.

Shunda mendan keyin ham o’g’lim mustaqil hayot kechira oladi, deya umid qiladi ona.