Amerikada ota-onalar uchun farzandini xokkeyga berish odatiy hol. Bola jismonan chiniqadi, jamoa bo’lib bir maqsad sari harakat qilishni o’rganadi. Merilend shtatidagi Rokvil shahrida bir xokkey jamoasi bor. Mashg’ulot va o’yinlar boshqalarnikidan farq qilmaydi, lekin o’yinchilari...
Bleysdellar oilasida erta tongdan tayyorgarlik. Deyvid Bleysdell o’g’li Kristoferni xokkey mashg’ulotiga olib borishi kerak.
Bleysdellar oilasida erta tongdan tayyorgarlik. Deyvid Bleysdell o’g’li Kristoferni xokkey mashg’ulotiga olib borishi kerak.
14 yoshli Kristofer “Montgomeri qoplonlari” jamoasi o’yinchisi.
Katokka kelgach u tengqurlari bilan birgalikda formasini kiyib, muzga chiqishga tayyorlanadi.
Bir qaraganda bu o’smirlar boshqa xokkeychilardan farq qilmaydi. Ammo aslida ularning bu yerga kelishi boshqacha bo’lgan.
Ular birin-ketin o'zini tanishtiradi.
“Ismim Amir Xon. “Montgomeri qoplonlari” o’yinchisiman”.
“Ismim Moris. Men ham shu komanda a’zosiman.
Bu o’smirlarning barida turli ruhiy kasalliklar bor. Shu jumladan autizm.
2006-yilda ikki murabbiy 10 bola bilan boshlagan jamoada bugun 80 dan ziyod o’yinchi bor, trenerlar ham ko’paydi. Bosh murabbiy Deyvid Lusia:
“Bu maxsus komanda bolalarga terapiya-malham bo’lsin deb tuzilgan. Maqsad ularga ijtimoiy va xulqiy jihatdan, maktab va uyda, yordam berish. O’yin paytida o’rganganlarini bolalar hayotda ham qo’llay oladi”.
Deyvid Bleysdell bir necha yil Xitoyda ishlagan, xitoy tilini yaxshi biladi. Kristoferning muvaffaqiyatida jamoa murabbiylarining hissasi katta, deydi u.
“Murabbiylarning Kristoferga munosabati juda yaxshi,” - deydi ota.
Trenerlarning hammasi ko’ngilli. Ayrimlari hatto komandani moliyalashda yordamlashadi.
Veyvey Jang - Kristoferning onasi: “Ba’zida menga qaraganda murabbiylar bolamga yaxshiroq qaraydi”.
Kiyim almashtirish xonasida o’yin muhokamasi…
“Birining yonidan o’tib, tezlashdim va shaybani darvozaga urdim,” - deydi yigitlardan biri.
“Shayba menga keldimi, gol urmasam bo’lmaydi,” - jo'r bo'ladi unga yana bir o'yinchi.
“Orqaga qarab uchish ham, shaybani darvoza oldida tutish ham qiyin. Hatto qo’rqinchli, chunki tegib tegsa bormi”.
Veymin Ju ham o’g’lini olib kelgan.
“Autizm bilan kasal bolalar boshqalar bilan o’ynashni yoqtirmaydi. Boshqalar ham ularni odatda chiqishtirmaydi. Demak, farzandlarimiz uchun muomala va muloqotni o’rganish qiyin. “Qoplonlar” jamoasida esa bolalar bir-biridan farq qilmaydi, bir oiladek. Hammasi xokkeychi,” - deydi u.
Kris Neygl – Donovan ismli yana bir o'yinchining onasi.
“Eng muhimi – boshqa bolalar bilan muloqot. O’g’lim jamoadoshlarini juda yaxshi ko’radi. Ilgari tez charchab qolardi. Asosan uyda o’tirib, kitob o’qirdi. Endi esa harakat bor”.
Ota-onalar ham bu yerga kelib, kundalik tashvishlarini bir-ikki soatga bo’lsa ham unutadi. Ruhiy kasallikka chalingan bolani katta qilish oson emas. Xokkey o’yinlari paytida ular bu yerda dam oladi, suhbatlashadi.
Mari Jeykobning og'li Genri ham “Qoplonlar” o’yinchisi.
“Bolada kasallik bo’lsa, ota-onalarda tanishish va muloqot qilish uchun imkoniyatlar kam bo'ladi”.
Aksariyat ota-onalar, jumladan Kristoferning otasi, jamoaga yordam beradi.
“Farzandlarimiz muvaffaqiyatga erishsa, biz, ota-onanalarda ishonch paydo bo’ladi. Mashg’ulotlardan quvonamiz. Qo’ldan kelgancha ko’maklashaman”.
AQShda “Qoplonlar”ga o’xshagan yana 50 ta jamoa bor. Ularda turli ruhiy kasalliklarga chalingan 1500 dan ziyod bola shug’ullanadi.