Qo’shma Shtatlarda xizmat ko’rsatgan baletchi Rossiyaning Bolshoy teatriga bosh raqqos etib tayinlandi. Deyvid Xollberg bu cho’qqiga yetgan birinchi amerikalikdir.
Uni shahzoda deb atashadi. Balet shahzodasi. 29 yashar Deyvid Xollberg Janubiy Dakota shtatining kichik bir qishlog’idan. U yerni madaniyat markazi deb bo’lmaydi. Baletga aloqasi yo’q joy. Ammo aynan shu yerda tug’ilib o’sgan yigit endi Bolshoy teatri sahnasida birinchi partiyalarni ijro etadi.
“Men uchun bu katta mas’uliyat. O’ziga yarasha bosim ham, albatta. Yangi avlod vakiliman, baletda yangi davr boshlanmoqda.
So’nggi 10 yil davomida Xollberg kata yutuqlarga erishdi. 1999-yilda u Parijdagi mashhur Opera va Balet maktabida tahsil oldi, 2000-yildan beri esa Nyu-Yorkdagi Amerika Balet Teatrida ishlab kelmoqda. Yurtining faxri.
Hozirda u bu teatrning bosh raqqosi. Bolshoy teatriga yo’l olmoqda, ammo bu yerdagi o’rnini boy bermoqchi emas.
Amerika Balet Teatri rahbari Kevin Makkenzi fikricha Xollberg nihoyatda iqtidorli raqqos.
“Uning iste’dodi chegara bilmasligi hammaga oydek ravshan. Sahna uni sevadi, buni boshidanoq bilganmiz. Parda ochilishi bilan u qushdek uchadi”.
Bundan 50 yil oldin mashhur baletchi Rudolf Nuriyev siyosiy bosim ostida Sovet Ittifoqini tark etganida bu olamshumul voqea bo’lgan.
1974 yilda esa Mixail Barishnikov Sovet Ittifoqiga alvido dedi.
Zamon o’zgardi bugun.
Balet chegara tanlamaydi, deydi Xollberg.
Men hammadan, atrofimdagi barcha raqqoslardan o’rnak olishga, ulardan o’rganishga harakat qilaman. Ularning ijodi, repertuarni yaqindan kuzataman. Boshqa raqqoslar ham mendan o’rganadi deb o’ylayman”.
Ustozlar, tabiiyki, faxrga to’la.
”Shu paytgacha Amerika teatrlari va muxlislar Rossiya raqqoslari kelsin bizga derdi. Qarangki, bugun amerikalik talant u yurtni zabt etmoqda. Nimaga qodir ekanini namoyish etishga tayyor”.
Xollbergning Bolshoy teatridagi debyuti noyabr oyida, “Jizel” baletida.