Baltimor ahli politsiya bilan hamjihatlikdan umidvor

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Amerikaliklar orasida politsiyaga ishonch past

O’tgan oy Merilend shtatining Baltimor shahrida, asosan, afro-amerikaliklar yashaydigan mahallalarda politsiya bilan to’qnashuvlar yuz bergan va so’ngra namoyishlar boshlanib ketgan edi. Bugun bu hududlarga tinchlik qaytgan.

Freddi Grey o’limida ayblanayotgan olti politsiya zobiti sudga tortilmoqda. 25 yoshli qora tanli erkak soxta ayblovlar bilan hibsga olingan va hibsxonada umurtqa pog’onasidan jarohatlanib olamdan o’tgan edi. U yashagan joyda va qo’shni mahallalarda aholining politsiyaga nisbatan ishonchsizligi nihoyatda baland. Aloqalarni qayta tiklash oson bo’lmaydi.

Baltimordagi namoyishlar oqibatida huquq-tartibot organlari va mahalliy aholi o’rtasidagi aloqalar tarang ekani ayon bo’ldi. Politsiya zobitlari qotillik va otishmalar eng ko’p uchraydigan mahallalarda tartib o’rnatish niyatida ekanini ta’kidlaydi. Aholi esa ularni shafqatsizlik va qo’pollikda ayblamoqda.

“Politsiya zobitlari qora tanlilar yashaydigan mahallalarda ilgarigidek harakat qilolmaydi. Gap qora yoki oqligi, ya’ni irqda emas. Gap shundaki, qoralarga munosabat salbiy,” – deydi baltimorlik Derril Fayfer ismli fuqaro.

Shtat qonunchisi Antonio Heys munosabat yaxshilanishi uchun vaqt kerak, degan fikrda.

“Baltimor fuqarosi bo’lasizmi, politsiyachimi, o’zaro ishonchsizlik juda kuchli. Ikki taraf birgalashib tinchlik o’tnatish yo’lida chora ko’rishi uchun ancha harakat qilish kerak”, - deydi u.

Oqsoqollar politsiyaga ishonch Freddi Grey hibsxonada o’lganidan buyon yanada pasayib ketganini aytadi.

Baltimor meri Stefani Rolings-Bleykning xabar topishicha, Adliya vazirligi fuqarolar huquqlariga oid vaziyatni o’rganib chiqmoqchi. Maqsad - politsiya tomonidan ta’qib qilish hollari bor yoki yo’qligini aniqlash.

“Politsiya bo’limi mahallalarni nazorat qilishga va tartibni saqlashga intilishi kerak, aholi esa xavfsiz muhit yaratish uchun politsiya bilan hamkorlik qilishi zarur. Bunday hamkorlikka faqat ishonch asos bo’la oladi. Ishonchsiz munosabatlarni rivojlantirib bo’lmaydi”, - deydi shahar meri.

Boshqalar politsiya bilan munosabatlarni yaxshilash yo’llarini izlamoqda.

“Bugun politsiya sizni bilmaydi, siz esa politsiyani”, - deydi mahalliy fuqarolardan biri.

Joan Bruer, bir necha yildirki, politsiyadan o’g’li va nevarasining qotillarini topishni talab qiladi. Odamlar bilan ishlang, xuddi ilgarigidek, deydi u.

“Politsiya zobitlari ko’chalarni kuzatib yurganida har birining ismini bilardik. Ular esa ko’chada yashaydigan barcha oilalarni tanirdi. Bir hodisa ro’y bersa, darrov xabar berardik. Ular yordamini ayamasdi. Politsiya ko’chani qo’riqlamay qo’yganidan beri hammasi yomonlashdi”, - deydi u.

Sobiq politsiyachi Rob Veynhold bu fikrga qo’shiladi.

“Politsiya zobitlari orani ochiq qilishda yordam beradigan, fuqarolarni birlashtiradigan, muammolarni hal qiladigan odamlar bo’lishi kerak. Chunki aholi birinchi bo’lib ularga murojaat qiladi. Natijada politsiya hayot darajasini yaxshilaydi. Ular mahallalarni himoya qilishi kerak. Uzoq muddatni ko’zlasak, shunday qilish lozim”, - deydi u.

Ammo hozir politsiya va aholi o’rtasidagi munosabatlar yomon. Ularni qayta tiklash uchun esa yillar talab qilinadi, deydi mahalla yetakchilari.