AQSh "Boko Haram" ga qarshi qancha chora ko'radi?

  • Amerika Ovozi

"Boko Haram"ga qarshi o'tkazilgan norozilik namoyishi, Abuja, Nigeriya, 13-may, 2014-yil.

AQSh Nigeriyada “Boko Haram” jangari guruhi tomonidan o’g’irlab ketilgan 300 dan ortiq qizni qutqarish amaliyotida faol ishtirok etmoqda. Kongressda bo’lib o’tgan tinglovda Oq uy rasmiylari shu haqda ma’lumot berdi.

Og’irlangan qizlarni ozod qilish yo’lida dunyo bo’ylab namoyishlardan tortib ijtimoiy tarmoqlardagi omaviy kampaniyalargacha turli tadbirlar o’tkazilmoqda. Senatdagi Tashqi aloqalar qo’mitasining Afrikaga oid tinglovini boshqargan senator Kris Kuns “Boko Haram” guruhi sodir etgan jinoyatlarga jiddiy javob qaytarish lozimligini ta’kidladi.

“Boko Haram o’z qarashlarini ma’lum qildi. Endi Nigeriya hukumatidan boshlab butun dunyo bunga javob qaytarishi kerak. Ularning bu qilmishlariga aslo yo’l qo’yib bo’lmaydi va jinoyatchilar jazoga tortiladi”, - deydi u.

Pentagon rasmiysi Elis Frendning aytishicha, AQShning 16 nafar harbiy mutaxassisi qidiruv guruhiga yordamlashish uchun Nigeriyaga jo’nab ketgan. Unga ko’ra, “Boko Haram” solayotgan tahdid ko’lami kengayib bormoqda. Shuningdek, so’nggi voqea NIgeriyadagi boshqa muammolarni ham yuzaga chiqardi, deydi u.

“Nigeriya bilan ishlash oson bo’lmasligi mumkin, - deydi Frend. – Kuchli tahdid qarshisida Nigeriya xavfsizlik kuchlari muhim qaror qabul qilishda sustkashlikka yo’l qo’ydi. Shuningdek, xavfsizlik kuchlari tomonidan “Boko Haram”ga qarshi olib borilgan kurash davomida sodir etilgan vahshiyliklar ham talaygina”.

Qolaversa, Nigeriyada qurg’oqchilik va ocharchlik xavfi oshmoqda, deydi “USAID” agentligi rasmiysi Erl Gast.

“2015-yilgacha Nigeriya dunyoning eng ko’p qashshoqlari yashaydigan mamlakatga aylanadi”, - deydi u.

Xalqaro hamjamiyat Nigeriyaga yordam berishga tayyor, ammo bu boradagi mas’uliyatni, avvalo, mahalliy hukumat his qilishi kerak, deydi AQSh Davlat kotibining Afrika masalalari bo’yicha o’rinbosari yordamchisi Robert Jekson.

“Nigeriya davlati o’z fuqarolarini himoya qila olishini va ular uchun imkoniyat yarata olishini ko’rsatishi kerak. Askarlar shaharlarni vayron qilib, fuqarolarni o’ldirsa, begunoh odmalarni istaganicha hibsga olsa, ishonchsizlik paydo bo’ladi”, - deydi u.

Yosh qizlarning o’g’irlanishi dunyo bo’ylab ayollar xavfsizligini yaxshiroq ta’minlash haqidagi talab va bahslarni kuchaytirib yubordi. AQSh Senatida shu masala yuzasidan yangi qonun muhokama qilinmoqda.

Ushbu hujjat AQSh hukumati olib boradigan xalqaro munosabatlarda ayollar xavfsizligiga eng asosiy masala sifatida qarashni ta’minlaydi.