AQSh Meksika chegarasida noqonuniy tunnellarga qarshi kurashmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh-Meksika chegarasidagi noqonuniy yer osti tunnellarni borib ko'rgan "Amerika Ovozi" muxbiri narkotik moddalar bilan kurashishning qanchalik qiyin ekanini o'rgandi.

Narkotik moddalar bozori uchun aynan yer osti yo’llari juda qulay. 1990-yildan beri AQSh va Meksika chegarasida 220 ta shunday tunellar borligi aniqlangan. Ulardan 60 tasi AQSh chegara patrul xizmatining San-Diyego bo’limi nazoratidagi hududda.

Bo’lim rahbari Xose Ernandez nima uchun bu hudud kontrabandachilarni jalb qilishi sabablarini sanab o’tdi.

"Ko’rib turganingizdek, bu yer sanoat va ishlab chiqarish markazi. Omborxonalar kop. Yuk mashinalari serqatnov. Kunduz ikkida ham, yarim tunda ham ularni uchratasiz. Kontrabandachilar hammaga ko'rinadigan joylarga yashirinadi", - deydi u.

Amerikadagi yuk mashinalar shovqini va Meksika tomondagi qurilishlar 2009-yilda topilgan mana bu tugallanmagan tunnelning qazish ishlarini to'sib turgan. Kontrabandachilar tunnel qurilishiga xarajatdan qochmaydi. Texnika va muhandislik ishlariga ikki million dollargacha sarflashadi.

Galvez tunnelidamiz. Uning chuqurligi 20 metr, juda murakkab qurilgan. Bu tunnelda temir yo’l, chiroqlar va hatto telefon sistemasi ham bor.

Galvez tunneli aynan chegara tagida qurilgan, uzunligi 70 metr. Burg’u va bolg’a-kuraklar bilan qazilgan bu yer osti yo'lining borligi qurilish tugamasdan oshkor bo’lgan. Chegara patrul xizmati tunnellarni aniqlash uchun sensorli radar kabi maxsus yer osti uskunalaridan foydalanadi.

Lens LiNoir San-Diyegodagi noqonuniy tunnellarni ochish guruhi rahbari. Bu jamoani “tunnel kalamushlari” deb atashadi. Uning aytishicha, tunneldan, asosan, marixuana olib o’tiladi. Bu narkotik moddalar katta hajmda va o’tkir hidli bo’lgani uchun ularni chegara va aeroportlarda itlar tez payqaydi. Kontrabandachilar faol ekan, chegara xodimlari hamisha ular bilan band.

"Chegarachilar Meksika janubida 13 shaxsni qo’lga olishdi. Hojatxona tagidan murakkab texnika asosida qurilgan yashirin kirish yo’li topildi”, - deydi LiNoir.

Tunnellar aniqlanishi bilan yo'q qilinadi.

" Biz noqonuniy tunnellarni topsak, maydonni X deb belgilaymiz va bu joyni teshib, ustidan sement quyib yopamiz", - deydi LiNoir.

2007-yildan 2015-yilgacha Ichki xavfsizlik vazirligi noqonuniy tunnellarni yo'q qilish uchun 8.7 million dollar sarflagan. Meksika esa bu maqsadda o’zgacha yo’l tutadi.

"Ular, odatda, tunnelning kirish qismini axlat to’kib yopishadi", - deydi Ernandez.

Meksikaning bu usuli tunnellarni butunlay yo’q qila olmaydi. Meksikada kamida 6 ta tunnel qayta ochilgan. Ularni sement bilan yopishga hukumatda yetarlicha mablag’ yoq, deydi rasmiylar.

Shunga qaramasdan ikki davlat giyohvand moddalar kontrabandasiga qarshi kurashish va tunnellarni yo’q qilish yo’lida hamkorlik qilib kelmoqda. Qoshma Shtatlar narkotik moddalarni Amerika aholisi salomatligiga va tinchligiga tahdid deb qaraydi.