Tahlil: Dunyo Vashingtondagi bahsni diqqat bilan kuzatayapti

  • Amerika Ovozi

Vashington ko'chalarida

AQSh Kongressida demokrat va respublikachi qonunchilar raqobati bois mamlakat qarzini to’lolmay qolishi, bu esa global iqtisodiy muammolarga turtki berishi mumkin, degan xavotir kuchli. Jahon ahli AQSh poytaxtidagi jarayonni diqqat bilan kuzatmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika iqtisodiy muammolari va jahon/Nasiba Tohir


Kongressning Vakillar palatasida hukmron respublikachilar prezident Barak Obamadan byudjet masalasida murosa talab qilayapti. Aks holda mamlakat tarixda ilk bor defoltga uchrashi mumkin. Qo’shma Shtatlar 17-oktabrgacha qarz olish chegarasini oshirishi lozim, shunda mamlakat moliyaviy majburiyatlarini bajarishda davom eta oladi. Qarz shiftini ko’tarish uchun esa Kongress ruxsati kerak.

Demokrat prezident respublikachilar bilan istagan masalada muzokaraga rozi. Faqat ortiqcha shart va do’q-po’pisa qilmang, deydi u.

“Iqtisodiyotga va o’rtahol oilalarga boshqa jabr qilishlariga yo’l qo’ymaymiz. Qo’rqitaverishmasin. Respublikachilar o’zi aytganini 100 foiz qildirmoqchi va shu sabab to’nini teskari kiyib olgan. Hukumatni hali uzoq vaqt yopiq holda ushlab turmoqchi ular. Bunaqasi ketmaydi. Olimlar ogohlantirayotgan iqtisodiy falokatga yo’l qo’ymaymiz”, - deydi prezident.

Tahlilchilar so’zlariga ko’ra, hukumat ishidagi uzilish qancha uzoq davom etsa, iqtisodiyot shuncha ko’p zarar ko’radi. Lekin Amerika defoltga uchrasa, oqibati undan-da og’ir bo’ladi. Shimoliy Karolina Universiteti professori Klaus Larres nazarida bu o’tgan safargi moliyaviy tanglikdan hamon o’zini rostlayotgan dunyo uchun og’ir sinov bo’ladi.

“Menimcha, Buyuk tushkunlik davri og’ir ko’rinishda takrorlanadi. Murakkab iqtisodiy, moliyaviy muammolar bilan yuzlashamiz. Hukumat ishi to’xtagani bir sinov bo’lsa, ketidan qarz chegarasi eshik qoqib turibdi”, - deydi Larres.

Professorning aytishicha, Amerikadagi defolt dunyoda shu zahotiyoq aks-sado beradi. Masalan, AQSh dollari global valyuta sifatida qadrsizlanadi. Amerika dunyoning eng kuchli iqtisodiyoti degan maqomdan ayrilishi hech gapmas.

“Tarixda bunaqasi bo’lgan emas. Amerika kabi yirik davlat, qudratli mamlakat texnik nosozlik sabab moliyaviy majburiyatlarini bajarolmasa. Chunki AQSh hali ham juda boy mamlakat, xazinasi to’lib-toshib yotibdi”, - deydi Larres.

Boshqa iqtisodlar ham defolt ta’sirini sezishi aniq. Xitoy, misol uchun, Qo’shma Shtatlarga bir trillion dollardan oshiq sarmoya kiritgan va qarz shiftini tezroq ko’tarishga undayapti.

Lekin dunyoning aksariyat davlatlari uchun Amerikadagi tanglik haqiqiy jumboq, deydi professor Klaus Larres. Ayniqsa, yopiq jamiyatlarning buni tushunishi qiyin.

“Qarz shifti nima? Hukumat qarz chegarasini nima uchun oshirishi kerak? Bular ko’plar uchun qorong’u, chunki Amerika va Daniyadan boshqa biror davlatda qarz shiftini ko’tarishmaydi. Tabiiyki, xorijda bizning moliyaviy muammolarni tushunishmaydi”, - deydi Larres.

Larresning aytishicha, Amerikada hukumat yopilishi va buning asoratlari hali vahimali emas. Tezkor choralar bilan vaziyatni o’nglasa bo’ladi. Lekin tanglik cho’zilaversa, AQShning siyosiy va iqtisodiy mavqeidagi dog’ning ketishi qiyin bo’ladi.