Amerikada milliy sport turi qaysi degan savolga ko’plar beysbol deb javob bersa ajab emas. Ammo aslida bu yerda amerikacha futbolni ko’proq sevishadi. Buning bir sababi pul bilan bog’liq.
Ayrim ashaddiy shinavandalar bu sport turi bilan shug’ullanishni o’z kasblariga aylantirgan.
Sharhlovchi va tarixchi Mayk Richman:
“Milliy futbol ligasi Amerika madaniyatining bir qismi. Ha, shunday. Unda zo’ravonlik ham, raqobat ham, sport ham – hammasidan bor. Va yildan-yilga kuchayib boryapti. Odamlarga shu ma’qul. O’zlari bunday o’ynolmasa ham, o’yinchilarga qarang, deb zavq oladi ular. Misli ko’rilmagan darajada mashhur sport bu”.
Amerika futboli bugungi shuhratiga qanday erishdi? Milliy futbol ligasiga 1920-yillarida asos solingan. Ammo aynan 1958-yilgi chempionat Amerika futbolini televideniye shousiga aylantirdi, deydi Richman.
“O’sha o’yinda 11 futbolchi tarixdagi eng mashhur sportchi unvoniga sazovor bo’ldi. O’yinlar telekanallar orqali butun mamlakat bo’ylab namoyish qilindi. Tomoshabinlar professional o’yindan hayratlandi, unga ko’ngil qo’ydi. Shundan so’ng futbol va televideniye ittifoqi vujudga keldi”, - deydi tarixchi.
Futbol aynan televideniye uchun yaratilgan o’yin, deydi mutaxassislar. Milliy futbol ligasi yiliga 10 milliard dollar daromad qiladi. Bu Milliy basketbol uyushmasi va Milliy xokkey ligasining birgalikdagi daromadidan ham ko’p. Mablag’ning yarmi televideniye orqali o’yinlarni namoyish etish huquqini sotishdan keladi.
2027-yilga borib Milliy futbol ligasining yillik daromadi 25 milliard dollarga yetishi kutilyapti. Bu Paragvay yoki Kamerun kabi mamlakatlarning yillik yalpi ichki mahsulotiga teng.
Milliy futbol ligasining sobiq rasmiysi Allen Firs o’sish uchun imkoniyatlar hali ko’p ekanini aytadi.
“Jamoa oldidagi barcha imkoniyatlarni o’rganib chiqish uchun ancha harakat qilish kerak. Chunki imkoniyatlar talay, ayrimlari haqida o’ylab ham ko’rmagan hech kim. Masalan, 10 yil avval uyali telefonlar orqali Liga tarafdorlari tarmog’ini tuzamiz, deb o’ylamagandik. Albatta, imkoniyatlar ko’p, ularni aniqlash va ulardan foydalanish kerak, xolos”, - deydi u.
“Forbes” jurnaliga ko’ra, Milliy futbol ligasi kelajagi porloq. Uning 32 jamoasi dunyodagi end boy 50 ta sport jamoasi ro’yxatiga kiradi. Ayni paytda bu sport turi Amerika madaniyatining ajralmas qismiga aylangan.
Your browser doesn’t support HTML5