Oq uyda prezident Barak Obamaning Rossiya va Yevrosiyo bo’yicha maslahatchisi Selest Vollander (Celeste Wallander) yaqinda O’zbekiston, Qirg’iziston va Qozog’istonda bo’lib, prezidentlar va vazirlar, fuqaro jamiyati vakillari, tadbirkorlar va yoshlar bilan muloqot qildi. Uning aytishicha, Markaziy Osiyo bilan hamkorlikning yangi davri boshlanmoqda. Amerikani mintaqaga bog’lab turadigan sabablar juda ko’p, deydi rasmiy. Qanday sabablar va maqsadlar? Selest Vollander Oq uydagi idorasida "Amerika Ovozi" bilan suhbatda bo’ldi.
Toshkent, Bishkek va Ostonaga sizni aynan nima maqsadlar yetakladi?
- Mintaqa rahbarlari bilan tanishib, ularning qarashlarini tushunishni istadim. Ular uchun dolzarb bo’lgan masalalar, o’zaro aloqalarimizga xos jihatlar haqida gaplashdik. Prezident Obama Afg’oniston bo’yicha rejani e’lon qilganidan keyin bordim. Markaziy Osiyo rahbarlarining fikr va xavotirlarini tingladim, ularga prezident Obamaning siyosatini, AQSh rejalarini tushuntirdim. Mintaqa tinchligi va barqarorligiga hissa qo’shishga bel bog’lagan davlat ekanimizni aytdim. Har bir davlat bilan bu borada gaplashib oldik.
Aynan qanday xavotir va tashvishlar bildirishdi sizga?
- Amerika mintaqani tark etmoqda degan xavotir bor. Bunday deb o’ylash xato. Hamkor davlatlar xavfsizlikni endi o’zi eplashi kerak bo’ladi, AQSh ketayapti degan fikr bor. Nega bunday deb o’ylashayotganini tushunsa bo’ladi lekin aslida bunday emas. O’zbekiston, Qozog’iston va Qirg’iziston bilan o’ziga xos hamkorlikka egamiz va uni mustahkamlashda davom etamiz. Afg’onistondagi vaziyatni ham o’z holiga tashlab qo’ymaymiz. Bu o’lka tinchligi yo’lida harakatni to’xtatmaymiz. Mintaqa bilan ham, Afg’oniston bilan ham iqtisodiy va boshqa sohalarda birga ishlashni istaymiz. Aynan xavfsizlik masalasiga kelganda, men ularga Afg’onistondan qay tartibda chiqayotganimiz, tinchlik uchun mas’uliyatni mahalliy kuchlarga qanday topshirayotganimizni tushuntirdim. Biz Afg’oniston va Markaziy Osiyo mamlakatlariga xavfsizlik bobida ko’maklashib, ularning salohiyatini oshirishda yordamga tayyormiz.
2014-yildan keyingi davrni nazarda tutayapsizmi?
- Ha, lekin biz yordam berishni allaqachon boshlaganmiz. Har bir davlat bilan o’ziga xos rishtalarga egamiz. Ular bir-biridan farq qiladi, o’z muammo va manfaatlariga ega. Chegara xavfsizligi yoki harbiy kuchlarni zamonaviylashtirish, takomillashtirish… Bu va boshqa mavzularda gaplashib oldik.
Bilamizki, Obama ma’muriyati anchadan beri Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatini qayta ko’rib chiqmoqda. Amerika mintaqada qanday manfaatlar va prioritetlarga, ustuvor maqsadlarga ega?
- Mintaqa xalqaro iqtisodiy va siyosiy tizimlar va global tarmoqlarga ulanishi uchun har tomonlama yordam berishni xohlaymiz. Bundan hamma foyda ko’radi. Albatta, bu avvalo davlatlarning o’z xohishlariga qarab, o’ziga ma’qul ravishda amalga oshadi. Xalqlarimiz bir-birini yaxshiroq bilishi, yaqindan aloqa qilishini istaymiz. Ta’lim sohasini rivojlantirish, o’zaro almashinuvlarga yo’l ochish, shuningdek, o’lkalarga sarmoya kirishi uchun qo’ldan kelgan yordamni berish… Bular juda muhim yo’nalishlar. Shu kungacha e’tibor asosan xavfsizlikda bo’ldi. Afg’onistondagi harakatlarimiz sabab shunday yo’l tutdik. Tashrifim davomida bu naqadar dolzarb soha ekaniga ishonchim komil bo’ldi. Xavfsizlik bobida hamkorlikni davom ettirishimiz lozim, davlatlar shuni istaydi. Lekin hozir yangi davr bo’sag’asidamiz va hamkorlikni muvozanatlashga harakat qilmog’imiz kerak. Imkoniyat bor bunga. Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarga ham e’tiborni oshirmasak bo’lmaydi.
Amerika siyosatida muvozanat yo’q deb doimo tanqid qilib kelinadi. Inson huquqlari faollari bilan gaplashganimizda, ulardan Afg’oniston yuzasidan hamkorlik sabab Amerikaning tili qisiq, qattiqroq gapirishga qo’rqadi, mintaqadagi huquqbuzarlik hollarini keskinroq qoralashga azm etolmaydi, muammolarga ko’z yumadi degan gaplarni eshitamiz. Buni qanday o’zgartirmoqchisiz?
- Bilasizmi, hamkorlikni muvozanatlash qiyinmas. Mening hammaga aytgan gapim shuki, Qo’shma Shtatlar mamlakat bilan hamkorlik qiladi va qilishni istaydi, bu degani hukumatlar va xalq bilan. Shunday ekan, fuqaro jamiyatini quvvatlaymiz. Yosh tadbirkorlarni quvvatlaymiz. Yosh avlodni quvvatlaymiz. Qayerga bormay, fuqaro jamiyati faollari bilan uchrashdim. Qozog’istonda, masalan, yosh liderlar bilan muloqotda bo’ldim – siyosat, iqtisodiyot va ta’lim sohasida yetakchilik qilayotgan yoshlar. Jamiyat bilan yaqinlashsak, hukumatga zarar qilmaydi. Bu mamlakatning fuqarolari bilan aloqani yaxshilash hukumatga qarshi harakat emas. Biz har bir hamkor davlatda shu yo’ldan borayapmiz.
Yangi Ipak yo’li tashabbusini hali ham olg’a surayapsizmi?
- Ha, olg’a surayapmiz. Gapdan amaliy ishlarga o’tish kerak, konkret loyihalarga. Markaziy Osiyo o’zaro va xalqaro iqtisodiy tizimlarga ulansin deymiz. Xalqaro tizim mintaqaga ulansin deymiz. Elektr toki ta’minoti, suv ta’minoti, chunki, bilasiz, resurslar chegara tanlamaydi. Mintaqada hamma bir-biriga tobe. Hammamiz o’zaro tobemiz. Hamkorlik qilmay iloj yo’q. Farg’ona vodiysi bunga yaqqol misol. Jiddiy muammolar borligini tan olamiz, lekin imkoniyatlar ham bisyor. Harakat qilinsa, masalalarni hal etsa bo’ladi. Tashrifim davomida yangi g’oyalar haqida eshitdim, shuningdek, xavotirlarga ham quloq tutdim. Vashingtonga qaytgach, ular ustida ishlay boshladim.
Yangi Ipak yo’li deb bu davlat ancha yillardan beri gapirib keladi. Masalani yoritib, shunga aminmizki, bu tashabbusga qiziqish mintaqadan ko’ra Vashingtonda kuchliroq. Sizga ham shunday tuyulmaydimi? Bu g’oya amalga oshishini mintaqadan ko’ra ham Amerika ko’proq xohlayotgandek…
- Agar shunday bo’lsa, bu albatta salbiy hol. Chunki buni hamkor davlatlarimizning o’zi istashi kerak. Balki bizning xohishimiz tajribamizga asoslangandir. Chunki, Amerika xalqaro tizimlar bilan ishlab o’rgangan davlat. Mintaqaviy va ko’p-tomonlama loyiha va tashabbuslar biz uchun yangilik emas. NATO, Jahon savdo tashkiloti va boshqa organlarda faolmiz. Bir yoqadan bosh chiqarish oson emas, lekin bunga erishsa bo’ladi. Balki mintaqa uchun integratsiya qiyin masaladir, chunki chegara yuzasidan kelishmovchiliklar bor, ular ortida tarixiy omillar bor, kim nimaga haqli yoki haqli emasligi ustida tortishuvlar bor. Lekin yechimlar ham bor. Uni izlash va bu borada gaplashish kerak. Men mintaqaga borib kelganimdan beri Ostonada Jahon banki tomonidan suv loyihalari yuzasidan yig’in bo’lib o’tdi. Rog’un gidroelektrostansiyasi loyihasi haqida gaplashildi.
Rog’un GESi haqida Jahon banki chiqargan hisobot AQShga ma’qul, shundaymi?
- Bu hisobot ekspertlar xulosasi, tahlil. Biror tomonning yonini olmaydi. Shu jihatdan biz uni quvvatlaymiz. Mana shu tahlilnoma asosida tegishli davlatlar to’g’ri qarorlar chiqaradi degan umiddamiz. Biz ularga buni ochiq aytayapmiz. Yechim o’z qo’lingizda. O’zbekiston hukumatida e’tirozlar bor edi, ammo Ostonaga o’z vakillarini yubordi. Bu ijobiy hol. O’z dardini aytayapti va boshqalarni ham tinglayapti. Gaplashishyapti.
Ukrainadagi voqealar, Rossiya roli, so’nggi o’zgarishlar Amerikaning Markaziy Osiyodagi strategiyasini qanchalik o’zgartirmoqda? Sizningcha, Ukrainadagi vaziyat mintaqa hukumatlari va xalqiga qanchalik ta’sir qilishi mumkin?
- Rossiya bilan azaliy bog’liqlik, tarixiy yaqinlik va o’ziga xos rishtalar bor. Buni tushunish kerak va hurmat qilish kerak. Bu talab AQShga ham tegishli. Ammo mintaqada Rossiya endi nima qiladi degan jiddiy xavotir bor. Butun Yevrosiyoda shunday tashvish hukm surmoqda. Gap bu yerda faqat Ukraina haqida ketmayapti. Masalan, Yevropaning bir qismi bo’lgan Boltiqbo’yi davlatlari ham oromini yo’qotgan. Rossiya buyuk davlat, lekin uning hukumati va xalqi shuni tushunishi kerakki, unga nisbatan qo’rqinch kuchaygan. Qo’shnilar, yaqin davlatlar undan xavfsirashmoqda. Bu hol albatta AQSh siyosatiga ham ta’sir qiladi. Chunki biz uchun suverenitet va hududiy yaxlitlik har narsadan ustun. Dunyodagi hech bir davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligi buzilmasin deymiz va ularni bu borada quvvatlab kelamiz. Hamma teng qudratga ega emas, lekin xalqaro tizim suveren davlatlarga asoslangan va bir-birimizning hududiy yaxlitligimizni so’zsiz hurmat qilishimiz kerak. Rossiya mana shu prinsipni buzdi. Ukrainaning suverenitetiga raxna soldi. Bu esa xalqaro maydonda kuchli xavotir uyg’otdi. Markaziy Osiyo davlatlarini quvvatlaymiz va ularga sherikmiz. Ularning bu boradagi xavotirini tushunamiz.
Xavotir so’zini ko’p tilga olayapmiz. Amerika Afg’onistondan chiqib ketgach yoki askarlarini kamaytirgach, bizning tinchligimiz xavf ostida qoladi degan xavotir bugun Rossiya olib borayotgan siyosatga nisbatan xavotir bilan tenglasha oladimi? Rossiya harakatlaridan qo’rqinch ustunroq emasmi?
- Qiziq, bu haqda o’ylab ko’rmagan ekanman. Rahbarlar doimo xavotirda, chunki tahdid har yoqda namoyon. Mening tahlilimcha, Afg’onistonda vaziyat og’irlashib, mintaqa tinchligini buzadi degan xavotir kuchliroq. Mavhum va shu bilan birga cheksiz bir tahdid bor u yerda. Rossiyaga kelsak, albatta u tomondan ham xavf bor. Qo’shnilarga bosimni oshirishi mumkin. Biroq ayni damdagi inqiroz Ukraina bilan bog’liq. Rossiyaning butun e’tibori Ukrainada. Rossiyadan xavotirlanish - uzoq muddatli masala. Bu orada esa biz aloqalarni kuchaytirish, mustahkamlash imkoniyatiga egamiz. Masalan, Qozog’istonning Jahon savdo tashkilotiga kirishiga yordamlashamiz.
Siz akademiksiz. Shuningdek, ancha payt Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligida ishlagansiz. Hozir mana Oq uydasiz. Tashqi siyosatga mas’ul odamlardan birisiz. So’nggi yillarda Rossiya va Markaziy Osiyo bo’yicha izlanishlar va maxsus dasturlarga pul kesildi. Bular ishingizni qiyinlashtirmaydimi? Sizga, olima va davlat maslahatchisi sifatida, qanchalik ta’sir qiladi bu o’zgarishlar?
- Mintaqani o’rganish bobida kamroq pul ajratilayotgani, almashinuv va tadqiqotlar uchun mablag’ ozligidan xursand emasmiz albatta. Aksincha, xavotir uyg’otadi bu holat. Men o’zim AQSh hukumati granti asosida izlanishlar olib borganman va til o’rganganman. Biz davlatlarga kelajak uchun sarmoya qiling, yoshlarga zarur bilim bering, deb nasihat qilamiz. O’zimizga ham bir qarashimiz va bu yerdagi masalalarni hal etishimiz kerak. Rossiya va Markaziy Osiyo haqida bebaho bilim beradigan, noyob tadqiqotlar olib boradigan dargohlarimiz bor. Mablag’ bor hali ham. Davlatdan kamroq ajratilmoqda, ammo xususiy homiylar bor. Biroq Amerika mintaqa qanchalik muhim ekanini tan olib, uni yaxshiroq tushunishga, til, madaniyat va tarixini bilishga harakat qilaverishi kerak. Mintaqaga borib, u yerdagi manzarani ko’rish, tarixiy maskanlarga borib o’rganish, mentalitet – rahbarlar, tadbirkorlar, fuqaro jamiyati vakillarini tushunishda yordam beradi, odamlar nima deyayotganini yaxshiroq anglaysiz. O’z tajribamdan aytishim mumkinki, siz faqat akademik yoki faqat siyosatchi bo’lolmaysiz. Har ikkisini mujassamlashtirish kerak. Unisi bunisiga qo’l keladi. Markaziy Osiyodan qaytgach bu yerdagi universitetlarga borib, dasturlarimizni saqlab qolish kerak, ular bebaho, dedim. Iqtisodiy-moliyaviy yetishmovchilik sabab mablag’lar qirqildi. Byudjetlar ozaydi, lekin hali ham imkoniyatlar bor. Buning uchun tinimsiz kurashadigan fidoiylar ham bor. “Fulbright” va boshqa yirik programmalar ishlab turibdi. Izlanish va ta’limni xususiy sektor ham quvvatlashi mumkin. Mintaqadagi katta kompaniyalar homiylik qila oladi bunday dasturlarga. Chunki yetuk mutaxassislar va kadrlar tayyorlashdan, muhim tadqiqotlar olib borishdan ular manfaatdor. Universitetlar va bizneslar ham hamkorlik qilib, ulkan loyihalar amalga oshirilganiga guvohmiz. Men shunga e’tiborni oshirayapman.
Suhbat uchun rahmat!
- Sizga ham rahmat!
Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5