Xitoyning 5G texnologiyasi AQSh uchun xavfmi?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Yaqinda 30 mamlakat rasmiylari Pragada uchrashib, 5G yangi aloqa tarmog’ining xavfsizligini ta’minlash uchun birgalikda harakat qilishga kelishib oldi. Ularning xavotiri shundaki, Xitoy kabi davlatlarda texnologiya kompaniyalari davlat ta’siri ostida.

5G mobil texnologiyasi tezligi, barqarorligi bilan 4G dan farq qiladi, axborotni yuqori tezlikda uzatadi. Bu 5G kompaniyalariga ham katta kuch beradi, deydi “BATM” texnologiya kompaniyasi ijrochi direktori Zvi Marom.

“Internet va uning atrofidagi ekotizimni boshqargan tomon butun dunyo aloqa tizimini boshqaradi”, - deydi u.

Milken institutidagi global konferensiyada so’zlagan mutaxassisga ko’ra, Xitoyning 5G texnologiyasini AQShda qo’llash xavfli.

“Xitoyda ishlab chiqarilgan asbob-uskuna ichiga mojaro paytida harakatga keltiriladigan mikrochiplar o’rnatiladi. Xitoy o’ziga kerakli vaqtda texnikangizni, kommunikasiya tizimlarini o’chirishi mumkin. Ular bunga qodir ekani xavfli”, - deydi Zvi Marom.

U Xitoy mobil texnologiyalardan josuslik quroli sifatida foydalanayotganini aytadi.

“Ular o’z aholisini yoppasiga kuzatish uchun texnologiyadan foydalanyapti. “Huawei” kompaniyasi asbob-uskunalarini mayda qismlarga ajratib tekshirdik, natija yaxshi emas. Tijoriy emas, harbiy sohada qo’llanadigan materiallar topdik ichidan”, - deydi u.

Xitoylik tadbirkor va siyosatchi Chi-va Tang so’zlariga ko’ra, sun’iy intellekt va 5G singari texnologiyalar xalq manfaati uchun xizmat qilishga mo’ljallangan.

“Bular odamlarni kuzatish uchun emas, balki Xitoy fuqarolariga ko’proq daromad olish, ularni rivojlangan jamiyat a’zolariga aylantirish uchun mo’ljallangan”, - deydi u.

Ammo “Human Rights Watch” tashkilotiga ko’ra, Xitoy hukumati Shinjon-uyg’ur muxtoriyatida, musulmonlar katta sonda mehnat lagerlarida saqlanayotgan hududda kuzatuv ishlarini aynan mobil programma orqali amalga oshirmoqda. Biometrik ma’lumotlar, jumladan DNK va qon guruhlari yozib olingan, odamlarning harakati kuzatiladi, deyiladi hisobotda.

AQShning xavotiri shuki, Xitoy o’z chegarasidan tashqarida ham o’xshash usullarni qo’llaydi.

Tang deydiki, Xitoy qudratini kengaytirmoqchi emas.

“Biz okkupatsiya azobini, urush azobini tushunamiz. Shuning uchun xitoyliklar qonida, tanasida tinchlikka intilish kuchli. Xitoy ishtirok etgan barcha urushlarga qarasangiz, mamlakat aksar hollarda faqat o’zini himoya qilganini tushunasiz”.

Texnologiya bo’yicha ekspertlarga ko’ra, G’arb 5G texnologiyasidan keladigan potensial tahdidlardan o’zini himoya qilish uchun kiber xavfsizlikka e’tiborni oshirishi kerak.