AQSh va Xitoy kiberxavfsizlikni muhokama qilmoqda

  • Amerika Ovozi
AQSh va Xitoy kiberxavfsizlik atrofidagi kelishmovchiliklarni hal qilish maqsadida tuzgan qo’mitaning birinchi uchrashuvi boshlandi. Vaholanki ushbu masala ikki qudratli davlat o’rtasidagi munosabatlarga to’g’anoq bo’lib kelmoqda.

Ikki davlat rasmiylari 8-iyul kuni Vashingtonda uchrashdi. Chorshanba va payshanba kunlari yuqori darajali rasmiylarning xavfsizlik va iqtisodiy masalalarni muhokama qilishi rejalashtirilgan. Kiberxavfsizlik bo’yicha qo’mita ikki kun ichida muzokaralarda siljish bo’ladi, degan umidda.

Bunday muloqotni boshlashga Vashington va Pekin aprel oyida kelishib olgan edi.

Obama ma’muriyati Xitoyni iqtisodiy foyda olish maqsadida internet saytlarini buzish va AQSh hukumatiga qarashli turli ma’lumotni o’g’rilashda ayblagan.

Xitoy ham o’z navbatida AQSh kiberxurujlariga uchrayotganidan shikoyat qilib keladi. Yaqinda Edvard Snoudenning AQSh Milliy xavfsizlik xizmatining xorijiy va amerikalik fuqaro va tashkilotlarni zimdan kuzatishi haqida ma’lumotni matbuotga oshkor etgani Pekin ramsiylariga qo’l keldi.

O’tgan oyda Snouden bir necha gazetaga AQSh Xitoy va Gonkong internet traffiklarini buzgani va yillar davomida ma’lumot to’plaganini ta’kidlagan edi.

AQSh prezidenti Barak Obama razvedka ma’lumotini to’plash va tijoriy foyda uchun savdo sirlarini o’g’rilash orasida farq borligini aytdi.