AQSh Markaziy banki raisi Xitoy moliyaviy siyosatini tanqid qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Ben Bernanke, AQSh Federal zaxira banki raisi

AQSh Markaziy banki raisi Ben Bernanke Kongressda qonunchilar savollariga javob berar ekan, Obama ma'muriyatining moliyaviy siyosatini himoya qildi. Jumladan, obligatsiyalar sotib olishga qaratilgan 600 milliard dollarlik dasturni. Bernankening aytishicha, dastur ishsizlikni qisqartirishga qaratilgan. Bosh bankir Xitoy valyuta siyosati bo'yicha ham fikr bildirdi.

Yangi Kongressda hukmron respublikachilar Obamaning moliyaviy siyosatini elakdan o'tkazmoqda. Federal zaxira banki rahbari Ben Bernanke tinglovdan unumli foydalanishga harakat qildi.

Demokrat kongressmen Tim Rayan Xitoy moliyaviy siyosatining AQSh iqtisodiyotiga ta'siri bilan qiziqdi.

"Xitoy hali ham yuan kursini sun'iy ravishda past ushlab turibdimi? Agar shunday bo'lsa, Xitoyda inflyatsiya ko'tarildimi? Bu siyosat AQShga qanday ta'sir qilyapti?" - deya qonunchi Bernankega murojaat qildi.

Markaziy bank rahbarining aytishicha, yuan ataylab qadrsizlangan.

"Kurs oshirilsa, bundan AQSh ham, Xitoy ham birday manfaat ko'radi. Bu hol Xitoyda inflyatsiyani tushirishga yordam beradi", - deydi Bernanke.

Xitoy tez o'sayotgan iqtisodiyoti talablariga javob berish maqsadida so'nggi to'rt oyda uchinchi bor foiz stavkalarini oshirishga majbur bo'ldi.

Natijada inflyatsiya kuchayib, Xitoy yangi yilini kutib olgan iste'molchilar oziq-ovqat narxi oshganidan shikoyat qilmoqda.

Ben Bernanke Xitoyning inflyatsiyani jilovlashga qaratilgan harakatlari behuda demoqda. Iste'molchilar talabini tushirish uchun foiz stavkalarini oshirish o'rniga, deydi AQSh Markaziy banki rahbari, hukumat eksport hajmini qisqartirib, ichki bozorni kengaytirishi maqsadga muvofiq bo'lardi.

Xitoy valyutasi kursini xalqaro moliya bozori talabiga qarab belgilashga va'da bergan, ammo o'zgarishlar qadamma-qadam bo'lishi lozim, deydi rasmiylar.

Xitoy iqtisodiy siyosati tanqidchilari nazarida rasmiy Pekin bu bilan jahon bozorida ustunlikni qo'lga kiritimoqchi.

"Valyuta kursi yuqori bo'lsa, eksport kamayib, ichki bozor molga to'ladi, natijada narx tushib, xitoyliklar turmushi yaxshilanadi. Xitoy mana shu haqda o'ylashi kerak", - deydi AQSh rasmiysi.

Xitoyda inflyatsiya so'nggi ikki yilda tez ko'tarilib, besh foizni tashkil etmoqda. AQShda bu ko'rsatkich ikki foizdan kam. Foiz stavkalari esa xarid qilish quvvatini oshirish maqsadida har qachongidan past.