AQSh va Xitoy Glazgodagi xalqaro iqlim anjumanida kelasi 10 yilda global haroratni 2 darajaga oshirmaslikka qaratilgan uzoq muddatli strategiyani rivojlantirish haqidagi qo’shma bayonoti bilan ko’plarni hayratga soldi.
Your browser doesn’t support HTML5
"Qo’shma Shtatlar va Xitoy siyosatidagi farqlar talaygina, biroq iqlim masalasida ishni uddalash uchun hamkorlikdan boshqa yo’l yo’q. Iqlimning o’zgarayotganiga ishonish ixtiyoriy narsa emas, bu fan tomondan isbotlangan, matematika va fizika belgilab bergan yo’ldan yurishimiz kerak”, - dedi AQShning iqlim bo’yicha maxsus vakili Jon Kerri
“Iqlim o’zgarishi siyosatiga kelganda Xitoy va AQSh o’rtasida farqdan ko’ra kelishuv ko’p. Bu sohada o’zaro hamkorlik uchun istiqbollar talaygina”, - dedi Xitoyning iqlim o’zgarishi bo’yicha bosh muzokarachisi Se Chjenxua.
Ikki davlat metan gazi chiqindisini nazorat qilishga, o’rmonlarni noqonuniy kesilishiga qarshi kurashishga, yangilanuvchi energiya ishlab chiqarishni kuchaytirishga, qashshoq mamlakatlarga iqlim o’zgarishi bilan bog’liq muammolar bilan yuzlashish uchun moliyaviy yordam ko’rsatishga kelishdi. Qo’shma bayonot umumiy bo’lib, aniq reja va muhlat tilga olinmagan.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga ko’ra, iqlim o’zgarishiga qarshi kurash xalqaro hamkorlik va birdamlikni talab qiladi va bayonot to’g’ri yo’nalishdagi muhim qadamdir.
Delegatlar jumagacha yakuniy bayonotga kelishishga harakat qilar ekan, AQSh va Xitoy kelishuvi bunga ijobiy turtki berishi aytilmoqda. Yakuniy bayonotda davlatlarning iqlim o’zgarishini cheklashga qaratilgan majburiyatlari bitiladi. Mamlakatlar 2015-yil Parij sammitida kelishilgan reja, ya’ni global haroratni sanoat davridan oldingi holatdan 1,5 darajaga oshirmaslik yo’llarini muhokama qilmoqda.
Sammit mezboni Boris Jonson hammani imkoniyatdan unumli foydalanishga chaqirdi.
“Kelishish oson emas, ammo ilojsiz ham emas. 1,5 darajalik maqsadga erishsa bo’ladi”, - dedi Britaniya bosh vaziri.
Delegatlar rivojlanayotgan mamlakatlarga iqlim o’zgarishi ta’siri bilan shug’ullanish va iqtisodiyotini qaziluvchi energiya manbalariga tobelikdan xoli qilishda yordam berish uchun boy davlatlarning moliyaviy hissasi qanday bo’lishi yuzasidan ham muzokara qilmoqda.
Boris Jonson moliyaviy majburiyatlaridan qochayotgan davlatlarni izza qilib, pul zaif mamlakatlar va kelajak avlod uchun muhim ekanini aytdi.
Sammit yakuniy kelishuvining ilk ko’rinishida boy davlatlar qashshoq mamlakatlarga yiliga 100 milliard dollar berishi kerak deyiladi, davlatlarni ko’mir va yoqilg’ining boshqa qazilma turlaridan voz kechishga chaqiradi.
“Mamlakatlar rejasi va harakat dasturini oshirishi, kuchaytirishi kerak. Hujjat matnida ko’mirdan va qazilma yoqilg’iga subsidiyalardan voz kechish tilga olingan. Odatda bunday rejalarga muhlat belgilanadi, matnda muhlat yo’q, biroq reja borligining o’zi hozir muhim”, - deydi “Xalqaro Grinpis” tashkiloti ijrochi direktori Jennifer Morgan.
Yakuniy bayonot xalqaro hamjamiyatning iqlim o’zgarishiga qarshi kurashga nechog’lik tayyor ekanini namoyish etadi.