Xitoy - Amerikada yirik sarmoyadorlardan

  • Amerika Ovozi

Nyu-Yorkdagi mashhur "Waldorf Astoria" mehmonxonasi 2014-yilda Hilton sulolasi qo'lidan 1,95 milliard dollar evaziga Xitoyning "Anbang" sug'urta kompaniyasiga o'tdi

Xitoy Prezidenti Si Zinpin shu oy oxirida AQShga tashrif buyuradi. Dunyo esa Xitoydagi iqtisodiy o’sish sur’atlari pasayayotganini qiziqish va xavotir bilan kuzatmoqda. Shunga qaramay, Xitoyning AQShga kiritgan sarmoyalari har doimgidan baland.

AQSh Tijorat vazirligining Iqtisodiy tahlil byurosi ma’lumotlariga ko’ra, Xitoy investitsiyalari o’tgan yilda 9,5 milliard dollarga yetgan. 2010-yilda bu ko’rsatkich 3,3 milliardga, 2002-yilda esa 385 million dollarga teng edi.

Nyu-Yorkdagi “Rodium Group” hisobiga ko’ra esa shu yilning birinchi yarmida shahar iqtisodiga 6,4 milliard dollarga teng sarmoya kiritilgan, aksariyati – ko’chmas mulk va mehmonxonalar biznesiga.

Bu nihoyatda katta ko’rsatikich. Shunga qaramay, Xitoy bu masalada birinchi o’rinda emas: 2014-yilda AQSh iqtisodiga kiritilgan xotijiy sarmoyalarning umumiy hajmi 2,9 trillion milliard dollarga teng edi.

Bunda Britaniya ulushi eng katta - 445,8 milliard dollar, Yaponiya va Gollandiya – har biri 300 milliard dollardan. Xitoy ulushi esa Finlandiya, Isroil va Daniyaniki bilan barobar.

Xitoyning AQShdagi kompaniyalari 50 ta shtatdan barchasida oziq-ovqat ishlab chiqarishdan tortib ko’chmas mulkkacha – turli sohalarda faoliyat yuritadi. Ularda 80 ming odam ishlaydi.

Eng ko’p Xitoy sarmoyasi Kaliforniyaga kiritilgan – 5,9 milliard dollar. Sarmoyadorlar orasida esa “Alibaba Group” tijoriy giganti, San-Fransisko shahrining tarixiy qismida binolarga ega Xitoy firmasi va boshqalar bor.

Ikkinchi o’rinda – Texas. Bu shtatga Xitoy kompaniyalari 5,6 milliard dollarga teng sarmoya kiritgan. Asosiy sohalar – energetika va texnologiya. Xitoy neft kompaniyasi Xyustonda, “Huawei” telekomi esa Dallasda vakolatxonaga ega.

Uchinchi o’rinda – Shimoliy Karolina. 3,6 milliard dollar asosan universitetlar tadqiqot makazlari va texnologiya kompaniyalari (masalan, “Lenovo” kompyuterlarini ishlab chiqaruvchi shirkat) va tibbiy izlanishlar o’tkazadigan laboratoriyalar uchun ajratilgan.

Illinoys shtatining Chikago shahrida “Motorola” uyali telefon kompaniyasi ham Xitoy sarmoyasi evaziga ishlab turibdi.

Nyu-York shahri ham Chikagodan qolishmaydi: bu yerda ko’chmas mulkka xitoyliklar 3,8 milliard dollarga teng sarmoya kiritgan. Masalan, mashhur “Waldorf Astoria” mehmonxonasini o’tgan yili xitoyliklar sotib oldi. Hammasi bo’lib, shaharda 120 ta Xitoyga qarashli kompaniya ro’yxatdan o’tgan.