Garri Lok: Amerika Xitoyning kuchli va mas'uliyatli bo'lishini istaydi

  • Amerika Ovozi

Garri Lok (o'ngda)

Prezident Barak Obama Savdo vaziri Garri Lokni Xitoyga elchi etib tayinlaganiga salkam uch oy bo'ldi. Ish boshlashi uchun uning nomzodini Senat tasdiqlashi kerak. Kuni kecha vazir Lok Senat Tashqi aloqalar qo'mitasidagi tinglovda so'zlab, AQSh-Xitoy munosabatlari istiqboli haqida o'z qarashlarini bildirdi.

Garri Lokning elchi lavozimida tasdiqlanishi ko'p jihatdan uning tinglovdagi javoblariga bog'liq. AQSh Xitoyning farovon va kuchli bo'lishini istaydi, ammo bunday davlat mas'uliyatli ham bo'lishi lozim, deydi u senatorlar bilan savol-javob paytida. Xususan Xitoy Shimoliy Koreyaga bosimni kuchaytirishi kerak, toki rasmiy Pxenyan yadro dasturidan voz kechsin va Janubiy Koreyaga qarshi provokatsion harakatlarini bas qilsin.

"Xitoy va Shimoliy Koreya qadrdon ekanini hisobga oladigan bo'lsak, rasmiy Pekin unga o'z so'zini o'tkaza biladi. Ayniqsa, shimol va janub o'rtasidagi ziddiyatlarni yumshatishda Xitoy diplomatiyasi ancha qo'l kelardi", - deydi Garri Lok.

AQSh savdo vaziri Xitoyda elchilikka tayinlangan ilk xitoylik amerikalikdir. Uning nazarida Xitoy mintaqada barqarorlik, xavfsizlik va farovonlik manbai bo'lib xizmat qilishi mumkin.

Yaqinda bu davlat Shimoliy Koreyani xalqaro sanksiyalarni buzganlikda ayblagan BMT Xavfsizlik Kengashi hisobotining chop etilishiga to'siq qo'ydi. Hujjatga ko'ra, rasmiy Pxenyan rezolyutsiyaga xilof holda Yaqin Sharq davlatlariga ballistik raketa texnologiyasi va yadro sanoatiga doir boshqa mahsulotlarni sotgan. Ayrim diplomatlar nazarida Shimoliy Koreya Xitoy orqali texnologiyani Eronga pullagan. Eron ham, Xitoy ham bu da'volarni inkor etmoqda.

AQSh va Xitoy ayrim masalalarda hamfikr bo'lsa, inson huquqlari borasida chiqisha olmaydi, deydi elchilikka nomzod Garri Lok.

"Jurnalistlar, yuristlar, bloggerlar, san'atkorlar va diniy guruhlarga qarshi ta'qiblardan xavotirdamiz. Ozodlik va erkinlik himoyasi va targ'iboti AQSh tashqi siyosatidagi asosiy tamoyillardan. Elchilikda tasdiqlansam, Xitoyda inson huquqlari e'zozlanishiga bor kuch-g'ayratimni sarflayman", - deydi Lok.

Savdo vaziri diplomatik lavozimda ikki davlat o'rtasidagi moliyaviy munosabatlar, xususan savdo nomutanosibligi, yuan qiymati va intellektual mulk huquqlarini himoya qilish kabi masalalarga ham urg'u berishini aytmoqda.

"Xitoy iqtisodiy ko'rsatkichlarini yaqindan kuzatamiz, va'da va majburiyatlarini bajarishlari kerakligini eslatib turamiz. Xitoy hukumati bosh vazir o'rinbosari nazorati ostida intellektual mulkka doir yangi kampaniya boshlagan. Davlat idoralari va kompaniyalari qonuniy mahsulotlarni xarid qilishi nazorat etiladi. Biz ham vaziyatni kuzatamiz. Ochiqlik bo'lsin, reviziya bo'lishini talab qilamiz", - deydi Garri Lok.

Uning nazarida Xitoy eksport hajmini tushirib, ichki bozorni to'ldirishi kerakligini anglab yetgan. Bu degani AQSh eksportini kuchaytirishi kerak, chunki Xitoyda Amerika mollari va xizmatlariga talab katta, deydi u.

"Senat meni elchi lavozimiga tasdiqlasa, AQSh kompaniyalariga bu mamlakatda ko'proq biznes qilishiga yordamlashaman", - deydi Savdo vaziri Garri Lok.