AQSh-Xitoy: Mushtarak manfaatlar har narsadan ustun

  • Amerika Ovozi
AQSh rasmiylarining ta’kidlashicha, tobora ko’proq diplomatik, tijoriy va harbiy resurslar Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga ko’chirilayotgani Xitoyga xavf solmaydi.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh-Xitoy: Mushtarak manfaatlar har narsadan ustun/Shohruh Hamro


Obama ma’muriyati Osiyoga e’tiborni oshirgan sari Xitoy ham harbiy mashqlar orqali kuch-qudratini namoyish etmoqda. Xitoyning jig’iga tegish niyatimiz yo’q, maqsadimiz – barqarorlik, deya qayd etadi AQSh rasmiylari.

“Muvozanatni ta’minlash Xitoy bilan ijobiy va samarali hamkorlikni yo’lga qo’ya olishimizga bog’liq. Amerika Xitoyni o’rab olayapti degan gaplar o’rinsiz. Lekin bu davlatning xatti-harakatlari bizning siyosatga ham ta’siri bor”, - deydi Mudofaa vazirligidan Deyvid Helvi.

Professor Jenin Deyvidson fikricha, Shimoliy Koreya provokatsiyaga zo’r berar ekan, AQShning vazifasi ittifoqchilari bilan yonma-yon turish.

“Koreya yarim orolida ham, Janubiy Xitoy dengizida ham vaziyat keskin. Qurol poygasini bartaraf etish uchun Amerika u yerdagi do’stlarini ishontirishi kerak”, - deydi olima.

Respublikachi senator Marko Rubio, Obama ma’muriyatini bo’sh deya tanqid qiladi:

“Mintaqadagi ittifoqchilarimizga quruq gapning keragi yo’q. Ular zarur bo’lganda AQShdan amaliy yordam olishni istaydi”.

Janubiy Xitoy dengizidagi orollar bir necha davlat orasida talash. U yerdagi tabiiy boyliklarni to’g’ri taqsimlash kerak, deydi AQSh davlat kotibi muovini Jozef Yun.

“Yechim ko’rinmayapti, hukumatlar zinhor da’vosidan voz kechmaydi. Takliflardan biri shuki, davlatlar zaxiralardan birgalikda foydalansin, kelishib hududni hamkorlikda tadqiq etsin”.

Davlat kotibi Jon Kerri ana shunday diplomatiya bilan band. Yaqinda Xitoyda mehmon bo’lib, yangi Bosh vazir Li Ketsyan bilan muloqotda bo’ldi.

Ketsyanning aytishicha, mushtarak manfaatlar har narsadan ustun. Yirik davlatlar sifatida regionda barqarorlikni saqlash uchun javobgarmiz, deydi u.

Siyosatshunos Maykl Grin so’zlariga ko’ra, Osiyo davlatlari AQSh bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirayotganiga Xitoyning o’zi sababchi.

“Ko’p mamlakatlar bizdan ko’ra Xitoy bilan ko’proq savdo qiladi. Jumladan, AQShning eng yaqin ittifoqchilari Yaponiya, Koreya va Avstraliya ham. Ularga Vashington yoki Pekinni tanlang deya olmaysiz”.

Xitoy hukumati o’z harakatlari bilan qo’shnilarni G’arbga moyil qilib qo’yganini tushunib turibdi, deydi Grin.

“Xitoy territorial manfaatlarini himoya qilayotgani haqida ko’p gapiradi, ammo so’nggi yillarda o’z oyog’iga o’zi bolta urdi. Qo’shnilarini Amerika bag’riga otdi”, - deydi olim.

Qo’shma Shtatlar Tinch okeani davlati ekanini qayd etib, mintaqaviy va xalqaro muammolarni hal qilishda Xitoy bilan strategik hamkorlikka tayyormiz deydi.