AQSh fuqarolar urushida qora tanlilar ham ishtirok etgan

  • Amerika Ovozi

1861-1865-yillarda AQSh fuqarolar urushida Shimoliy shtatlar quldorlik tizimini saqlab qolmoqchi bo’lgan Janub bilan olishgan. Urushda qora tanlilar ham qatnashganini ba’zilar bilmaydi. 1862-yilda ozod etilgan qullarga armiya safiga qo’shilishga ruxsat berilgan va 179 ming afro-amerikalik frontga otlangan.

AQSh fuqarolar urushida qora tanlilarning ishtiroki 1989-yilda ekranga chiqqan “Shuhrat” badiiy filmida namoyish etilgan edi. Unda ittifoq qo’shinlarining qora va tub aholi vakillaridan iborat 54-diviziyasi haqida hikoya qilinadi. Ammo mamlakatni ikkiga ajratgan va 620 ming odamning yostig’ini quritgan o’sha jangda qora tanli zobitlardan iborat boshqa polklar ham qatnashgan.

Fuqarolar urushini sahnalashtirish orqali yaqinda AQSh Milliy park xizmati 23-polk g’alabasini e’tirof etdi. “Qora polk” Shimoliy Virjiniyaning konfederatsiya armiyasiga qarshi jang qilgan.

“Qora tariximizni yodga olib, jang maydoni bo’lgan joyda ilk bor bunday ommaviy tadbir o’tkazyapmiz,” - deydi Milliy park xizmatidan tarixchi Jon Hennesi.

1864-yilning 15-may kuni Virjiniyaning hozirgi Spotsilvaniya okrugida 23-polk qahramonlarcha jang qilgan.

Uning a’zolari asosan 1863-1864-yillarda qullikdan qochib, poytaxt Vashington atrofida yig’ilgan afro-amerikaliklardan iborat edi. Ular shimol armiyasiga qo’shilib, 23-polk shu tariqa tarkib topadi.

Janubdan qochgan bu odamlarning maqsadi uyiga qaytib, oila a’zolari va do’stlarini qullikdan qutqarish edi.

Janglarni haqqoniy qilib sahnalashtirish uchun yuzlab odam kerak. Ishtirokchilar orasida tarixchilar ham ko’p.

Spektakl ko’p vaqt va xarajat talab qiladi. Hamma ham qatnashavermaydi.

“Vaqtimni va pulimni sarflab keldim va yozildim. Chunki Amerikada, qolaversa xorijda ham, kattalar va bolalar tariximizdan xabardor bo’lsin deyman,” - deydi spektakl ishtirokchilaridan biri Malanna Keri.

Patrisha Tayson unga qo'shiladi: “Tarixni hech qachon yaxshi bilmaganman. Qizig’i shundaki, maktabda tarix darslarini yoqtirmasdim. Ehtimol, ajdodlarimning tarixdagi o’rnini yaxshi bilmaganim uchun”.

Xo’sh, qora tanli zobitlar oqlar bilan bir qatorda qanday jang qilgan, ularga munosabat qanday bo’lgan?

“Oqlar sobiq qullar nimaga qodirligini bilmagan. Jang qiladimi yoki qochib ketadimi? Shu sababdan birinchi navbatda ular o’zaro ishonch o’rnatishi kerak edi. Bir-biri bilan yelkama-yelka jang qilgan sari oradagi ishonch ham oshgan va qora tanlilar polki afsonaga aylangan,” - deydi aktyor Kevin Uillyams.

“Boshida qo’lidan nima ham kelardi deyishgan, ammo ular kuchini maydonda ko’rsata olgan,” - deydi Jorj Hart.

“Sharoit juda og’ir bo’lgan, ayniqsa ichimlik suviga kelganda,” - deydi yana biri.

Nafaqat erkaklar, urushda ayollar ham katta rol o’ynagan.

Yulanda Burges: “Qora tanli ayollar nozigoyim bo’lmagan. Qattiq mehnat qilganmiz, ter to’kkanmiz. Afro-amerikalik ayollar ittifoq armiyasining bir qismi edi”.

Spektaklning yana bir qatnashchisi Larri Klovers: “Bilasiz, Amerika bir davlat emas, bir bayroq ostida birlashgan bir necha davlat sifatida gavdalanadi. Qayerdan kelgan bo’lmaylik, shu jamiyat taraqqiy topishida har birimizning hissamiz bor”.

Fuqarolik urushi sabablari hanuz bahs uyg’otadi. Ammo jangda qurbon bo’lganlar, ularning mardligi tan olinishi lozim.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika tarixidan hikoyalar - US Civil War, Colored Troops