Kapitoliyda uzoq vaqt davom etgan siyosiy kurashlardan biriga nihoyat chek qo’yildi. Senat va Vakillar palatasi federal pensiya jamg’armasiga ishchilar oylik maoshidan o’tkazadigan ulushini kamaytirish haqida qonun qabul qildi.
Bu qisqa, atigi ikki oylik chora, ammo Amerika xalqi uchun katta ahamiyatga ega.
“Qarshi ovozlar yo’q. Qonun loyihasi uchinchi o’qishda bir ovozdan qabul qilindi”, - deya e’lon qildi Vakillar palatasi spikeri Jon Beyner.
Qonunchilar qattiq bosim ostida. Aholining to’qqiz foizigina ularni quvvatlaydi. Kongressga bo’lgan ishonch misli ko’rilmagan darajada past.
Senatda aksariyat o’ringa ega demokratlar lideri Garri Rid qonunchilar qishki ta’tildan qaytgach yuqorida tilga olingan qonun qayta ko’rib chiqiladi deydi. Bu yil bahs va tortishuvlar yili bo’ldi, deydi senator.
Demokrat Stenli Xoyer fikricha, xalq siyosatchilardan murosa qilishni talab qilmoqda.
Prezident Barak Obama qonunga imzo chekib, iqtisod sohasida qilinadigan ishlar hali ko’p, deya e’tirof etdi.
Agar bu hujjat qabul qilinmaganida 2 million amerikalik ishsizlik uchun beriladigan yordam pulidan ayrilgan bo’lar edi. Yana 160 million fuqaro uchun soliqlar hajmi o’rtacha 1000 dollarga oshgan bo’lardi.