AQSh Kongressi qisqa muddatli byudjetga kelishdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Kongressidagi qonunchilarning murosasi tufayli federal hukumat yopilishining oldi olindi. Hozircha 47 kunga. Tomonlar muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldi. Biroq konservativ respublikachilar bundan norozi. Ular Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkartini lavozimidan olishga do’q-popisa qilishmoqda.

Prezident Jo Bayden qonunchilarni bunday vaziyatning takrorlanishiga yo’l qo’ymaslikka chaqirdi.

“Pichoq chetida yurishni bas qilaylik. Bu kabi inqiroz ortiq takrorlanmasligi kerak. Bunga sabab bo’lishi mumkin emas. Kongressdagi respublikachi do’stlarimni bunga o’tinib chaqiraman. Butun yoz bo’yi bo’lganidek, vaqtni behuda sarflamang. Bir yillik byudjetni qabul qiling. Bir necha oy oldingi kelishuvga amal qiling”, - dedi Bayden.

Biroq Kapitoliyda yangi tortishuvlar kutilmoda. Ultra konservativ respublikachilar Vakillar palatasining spikeri Kevin Makkarti demokratlar bilan vaqtincha byudjetga kelishib olganidan norozi. Ular raisni ishdan olib, Makkartining o’rniga safdoshlaridan biri Met Getsni spikerlilkka qo’ymoqchi.

“Yanvar oyida Kevin spikerlikni olish uchun xarajatlar bo’yicha ayrim shartlarga rozi bo’lgan edi. Amerika qonunchilari butun hukumatni moliyalashtirishni yoqlab yoki qarshi ovoz berishadi. Aql bovar qilmaydi. Shuning uchun ham qarzimiz 33 trillion dollarga yetdi. Xarajatlarni alohida qonun loyihalariga bo’lib qo’yish tarafdorimiz. Makkarti shunga rozi bo’lgan edi. Ammo so’zining ustida turmadi”, - deydi Gets.

Spiker tanqidlarga shunday javob berdi:

“Tortishuvlarni bas qilib, ish bilan shug’ullanaylik. U [Met Gets] bizni hukumatni yopishga mabjurlay olmayotganidan xafa bo’lsa va men hukumatning yopilishiga yo’l qo’ymagan bo’lsam, kurashga tayyorman”, - dedi Makkarti.

Vashingtonlik tahlilchi Reychel Snaydermanning aytishicha, hozirgi vaziyat qanday natijaga olib kelishidan qat’i nazar, partiyaviy murosalar to’g’ri yo’lga olib chiqadi.

“Har ikki partiya qonunchilari Ukrainaga qo’shimcha pul berishga rozi. Harbiylarimizni qo’llab-quvvatlashga, chegara xavfsizligi uchun pul ajratishga ham. Demak, kelasi bir necha haftalarda mana shu muhim yo’nalishlarda natija ko’ramiz”, - deydi “Ikki partiyaviy siyosat markazi” eksperti.

Siyosatshunos Oskar Pokasangre nazarida, butun dunyo, jumladan Ukraina ushbu jarayonni diqqat bilan kuzatib boradi.

“Uzoq muddatda institutlarimizni strukturaviy isloh qilishga e’tibor berishimiz kerak. Kongressda ko’proq partiyalar bo’lsa, qonunchilik ishida murosaga yetish osonroq bo’ladi. Aks holda o’ta qutblashgan mana shu ikki partiya tortishishda davom etaveradi”, - deydi mutaxassis.

Pokasangrening aytishicha, siyosiy beqarorlik AQShga bo’lgan ishonch va uning iqtisodiy ahvoliga putur yetkazadi.