Eron bitimi Kongressda rad etilsa, oqibatlari qanday bo'ladi?

  • Amerika Ovozi

AQSh qonunchilari kelasi oy Eron yadro dasturi yuzasidan qabul qilingan kelishuvni ovozga qo'yadi. Bitim rad etilsa, nima bo'ladi?

Prezident Barak Obamaning tashqi siyosat bo'yicha maslahatchilari o'tgan bir oy davomida kelishuvning afzalliklari haqida Kongressga ma'lumot berib, uning rad qilinishiga yo'l qo'ymaslik choralarini ko'rmoqda.

Obama fikricha, Kongressning Eron yuzasidan beradigan qarori Iroq urushiga kirish haqidagi bahslardan beri qilinayotgan eng muhim va katta munozara.

Uning aytishicha, kelishuvni ma'qullash yoki rad qilish haqida hatto ikkilanish ham mumkin emas. Eronni yadro quroli sari boshlaydigan yo'ldan to'suvchi va shu paytgacha erishilgan eng mukammal nazorat rejimini taqdim etuvchi tarixiy imkoniyatni boy bermang, dedi AQSh rahbari.

"Bu qo'mita va Kongress kelishuvning yo'qdan ko'ra yaxshiroq ekani yuzasidan qaror berishi uchun bir oycha vaqtga ega", - dedi Senatning Tashqi aloqalar bo'yicha qo'mitasi raisi Bob Korker.

Senatda kechgan tinglovda sobiq diplomatlar va rasmiylar Eron bilan tuzilgan kelishuvning ijobiy va salbiy jihatlari hamda uning rad qilinishi nimalarga olib kelishi mumkinligi haqida hisobot berishdi.

"Prezident taklifining Kongressda mag'lub bo'lishi urushga olib boradi, deb o'ylamayman, - dedi Jorj Bush ma'muriyati davrida davlat kotibi o'rinbosari bo'lib ishlagan Nikolas Berns. - Lekin ayrim tanqidchilar aytayotganidek, bu bitim Eronni yadro quroli sari boshlaydi, deyish ham noto'g'ri".

Bush ma'muriyatining yana bir rasmiysi, davlat kotibining qurollar nazorati bo'yicha sobiq o'rinbosari Robert Jozef kelishuvning tasdiqlanishiga qarshi.

"Xatoliklar bo'lishiga qaramay, bu biz erisha olgan eng yaxshi bitim va uni Kongress qabul qilishi kerak, degan fikrlarni ko'p eshitdik. Lekin bularning hech biri to'g'ri emas. Biz bundan ko'ra yaxshiroq ish qila olamiz", - dedi u.

"Yaxshi bitimga erisha olishimizning kafolati yo'q - deya qo'shimcha qildi Jozef. - Xavfdan holi muqobil yo'l mavjud emas. Lekin bu yomon kelishuvning og'ir asoratlari muzokara stoliga qaytish qarorini berishning oqibatlaridan ko'ra ancha ko'proq".​

"Eronni jazolashda davom etish va yaxshiroq kelishuvni talab qilish e'tiborga olish lozim bo'lgan bir yo'l, - dedi Berns. - Lekin, nazarimda, bu bizni kuchliroq emas, zaifroq holatga olib boradi".

Bernsga ko'ra, kelishuvni rad qilish AQSh va uning eng yaqin ittifoqchilari orasiga sovuqchilik soladi. Shuningdek, deydi u, Tehronga qarshi sanksiyalar qo'llash bo'yicha yakdil bo'lgan xalqaro hamjamiyatda ikkilanishni yuzaga keltiradi va Eron hozirgi bitim yuklagan cheklovlardan ozod bo'ladi.

Jozefning ta'kidlashicha, AQShning bitimni rad qilishi Tehron va ayrim Yevropa davlatlarida norozilikka sabab bo'lsa ham, dunyoning boshqa qismlarida olqishlanishi mumkin.​

"Eronni bizdan ko'ra yaxshiroq biladigan Isroil va arab hamkorlarimiz hamda boshqalar bizni quvvatlaydi", - deydi u.

So'nggi so'rovlar jamoatchilik orasida Eron kelishuvini qo'llovchilar kamayganini ko'rsatmoqda. Eronning asl maqsadlari va bitimga qanchalik rioya qila olishi yuzasidan amerikaliklar orasida xavotir yuqori.

Senatning Qurolli xizmatlar qo'mitasi raisi Jon Makkeyn bitimning bir qator bandlariga, jumladan, Tehronga qurol sotib olish bo'yicha qo'yilgan taqiqlarning vaqt o'tib bekor qilinishiga qarshi.

"Ma'muriyat, agar Eron kelishuv shartlarini buzsa, harbiy chora ko'rish imkoniyati hanuz nazardan qochirilmaydi, demoqda. Bitimning o'zi Eronga yuqori darajali harbiy qurol yaratish salohiyatini beryapti. Bu bizning harbiy chora ko'rish imkoniyatimizni cheklaydi", - deydi u.

Agar kelishuv Kongress tasdig'idan o'tmasa, Prezident Obama bu qarorga veto qo'yishini bildirgan. Vetoni bekor qilish uchun har ikki palatadagi qonunchilarning uchdan ikki qismi yakdil ovozi berishi kerak.