AQSh kongressmenlari Markaziy Osiyo rahbarlari bilan uchrashdi, hamkorlik uchun rahmat aytdi

Dan Burton

AQSh qonunchilaridan iborat delegatsiya bu hafta Markaziy Osiyoning to’rt respublikasida bo’ldi. Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va O’zbekiston.



Kongressmen Den Berton (Dan Burton) va Vakillar Palatasining boshqa a’zolari qay yurtga bormasin, bir gapni qaytardi: Amerika uchun Markaziy Osiyo muhim va Vashington serqirra hamkorlikka tayyor.

Delegatsiya prezidentlar bilan uchrashdi, shuningdek, deputatlar va senatorlar.

Muloqotda bugungi siyosiy rishtalardan tortib, xavfsizlik, qoradori savdosiga qarshi kurash, savdo-sarmoya, ta’limiy almashinuv va madaniy aloqalar, ko’plab sohalar tilga olindi.

Vakillar Palatasi a’zolari Afg’oniston yuzasidan Amerika bilan ittifoqchilik qilayotgan bu davlatlarga minnatdorchilik bildirish uchun borganini aytadi.

Kongressmen Berton maqsad bu respublikalar bilan yaqindan tanishish, siyosatchilar bilan fikr almashish deydi.

Vashington nazarida mintaqa avtoritar rahbarlar ostida va demokratiya tomon juda sekin qadam tashlamoqda.

Ammo Ostona, Bishkek, Dushanbe va Toshkentda kechgan uchrashuv va muloqotlarda kongressmenlar tanqid emas, hamjihatlikka urg’u bergan. Amerika har sohada yordamga tayyor, deydi Berton.

Xususan 6-iyul kuni Oqsaroydagi qabul paytida, o’zaro ishonchni mustahkamlash kerak, degan gaplar yangragan. Amerika kongressmenlari va prezident Islom Karimov iqtisodiy va gumanitar hamkorlik, shuningdek, demokratiya va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish zarurati haqida gaplashgan. O’zbekiston tomon bu borada jadal harakat qilayotganini ta’kidlagan, Amerika buni olqishlagan.

Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va O’zbekiston Afg’onistonda xalqaro koalitsiyaga zarur mahsulotlar yetkazadigan Shimoliy Ta’minot Tizimining ajralmas qismlari. AQSh bu yordam uchun mintaqada har yili o’rtacha 500 million dollar sarflamoqda.