Amerikaning ikki senatori Rossiya, Xitoy va boshqa davlatlardan kelayotgan propagandaga qarshi kurashish maqsadida yangi qonun loyihasini olg’a surmoqda.
Loyiha homiylari nazarida ayrim davlatlar havo to’lqinlarini yolg’on ma’lumot bilan to’ldiryapti. Qo’shma Shtatlar keng qamrovli strategiya ishlab chiqishi lozim, deydi senatorlar. Ular taklif etayotgan qonun loyihasi, jumladan, aksil-propaganda idorasi ochishni nazarda tutadi.
Respublikachi senator Rob Portman Vashingtonda, Atlantika Kengashi nomli tadqiqot institutida so’zladi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya va Xitoy kabi mamlakatlar xalqaro miqyosda olib borayotgan targ’ibotga qarshi AQSh ko’rayotgan choralar yetarli emas.
“Bu davlatlar zamonaviy axborot texnologiyalariga ulkan mablag’ tikish barobarida xorijdagi siyosiy harakatlarni ham moliyalayapti. Shu orqali o’z nufuzini oshiryapti”, - deydi Portman.
AQSh Kongressi moliyalaydigan “Amerika Ovozi” hamda “Ozodlik” teleradio tizimlariga ajratiladigan mablag’, deydi senator, Rossiyaning “Russia Today” va Xitoyning “CCTV” telekanallariga qilingan sarmoya bilan solishtirganda hech narsa emas.
AQSh kommunikatsiya strategiyasini o’zgartirishi kerak, deydi Portman.
“Buni qarangki, AQShda xorij propagandasi va dezinformatsiyaga qarshi kurashni muvofiqlashtiruvchi, bu harakatlarning umumiy yo’nalishini belgilab beruvchi yagona agentlik yoki vazirlik yo’q hozir”.
Senator Kris Merfi ham shu fikrda.
“Taklifimiz oddiy. Bu kurashga hissa qo’shayotgan turli agentliklarni birlashtiruvchi, yaxlit strategiya ishlab chiqilishi kerak”, - deydi qonunchi.
Kristin Lord “IREX”, ya’ni Xalqaro tadqiqot va almashinuv kengashi nomli notijoriy tashkilotni boshqaradi. Qonun loyihasining muhim bir bandi shundan iboratki, deydi u, bu ishga mahalliy tashkilotlar va xususiy sektor ham jalb etiladi.
“Ushbu bahslarda AQSh hukumatiga doim ham ishonchli taraf deb qaralmaydi. Aynan ishonchli manbalarga ko’makni oshirish lozim”.
Senatorlar tavsiya etayotgan yangi agentlik chetdan kelayotgan propagandani fosh etish va unga javob berishga mas’ul bo’ladi.