Kongress: Putin Qrimni tortib oldi, lekin Ukrainani boy berdi

  • Amerika Ovozi

Senatda demokratlar sardori Garri Rid

Amerika qonunchilari Rossiyani Qrimni bosib olgani uchun baralla qoralab, Ukrainaga siyosiy va iqtisodiy yordam va’da qildi. Kongress ovoz bergan qonun loyihalari Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishni ham nazarda tutadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Kongress: Putin Qrimni tortib oldi, lekin Ukrainani boy berdi/Shohruh Hamro

Kongressdagi ikki yirik partiya, demokrat va respublikachilar kamdan-kam hollarda til topishadi. Ammo Ukrainani moliyaviy jihatdan qo’llab-quvvatlash va Rossiyani jazolashga kelganda, qarorlar ovozdan silliq o’tdi.

Kongressmen Eliot Engel so’zlariga ko’ra, AQSh Ukrainani G’arb hamjamiyatiga qo’shib olish uchun astoydil harakat qilsa va bunga erishsa, prezident Vladimir Putin oxir-oqibat yutqazgan bo’ladi.

“U Qrimni tortib oldi, lekin Ukrainani boy beradi”, - deydi qonunchi.

Senator Garri Rid ham o’xshash bayonot bilan chiqib, Rossiya rahbarini Sovuq urush davrida muzlab qolgan deya tanqid qiladi.

“Rossiya yosh bolaga o’xshab qo’shnilarni qo’rqitib-turtayotganda Qo’shma Shtatlar shunchaki qarab turmaydi”, - deydi u.

Vakillar palatasi va Senatda o’tgan muhokamalarda Rossiyani rosa yerga urishdi. Senator Jon Makkeynga ko’ra, Kremlning Qrimni bosib olish uchun qo’llagan bahonasi 1930-yillardagi natsistlar Germaniyasini eslatadi.

Senator Makkeyn Rossiya ablahlik qilmoqda degan fikrda

“Uchinchi jahon urushini bashorat qilayotganim yo’q. Ammo keskin choralar ko’rmasak, Vladimir Putinga agressiv harakatlarini davom ettirishga yo’l bergan bo’lamiz. Xoh Ukraina sharqida bo’lsin, xoh Moldova hamda Boltiqbo’yi davlatlarida”, - deydi Makkeyn.

Palata va Senatda ma’qullangan hujjatlarda bayon qilinishicha, Ukraina 1 milliard dollar qarz olishi uchun AQSh kafil bo’lishga tayyor. Kiyevga hamda qo’shni mamlakatlarga jami 150 milliard dollarga teng ko’mak beriladi. Sharqiy Yevropaga qaratilgan televizion va radio dasturlarni ko’paytirish uchun esa 10 million dollar ajratish taklif etilgan.

Loyiha qonunga aylanishi uchun prezident Barak Obama unga qo’l qo’yishi kerak. Qonunchilar matn ustida ishni yakunlab, uni kelasi hafta Obamaga uzatishini aytmoqda.