Amerikaliklar: Kuba bilan aloqani tiklash vaqti keldi

  • Amerika Ovozi
2011-yilda Barak Obama Kubaga qatnashga doir cheklovlarni qisman bekor qilgan edi. O’shandan beri kommunistik davlatga minglab amerikaliklar sayohat qildi. Ularning aytishicha, AQSh-Kuba aloqalarini qayta ko’rib chiqish payti yetgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerikaliklar: Kuba bilan aloqani tiklash vaqti keldi/Shohruh Hamro


Ommaviy so’rovlardan ayonki, Kubaga sayohat qilgan amerikaliklarning aksariyati orol bilan bordi-keldini oshirish kerak degan xulosaga keladi.

“Borish-kelish osonlashsin, odamlar bir-biri bilan aloqa qilsin, sayyohlar ko’paysin. Mana uch davlat AQSh, Meksika va Kanada bir-biri bilan erkin savdo qilayapti-ku. Kichkina bir orol Amerikaga qanday xavf solishi mumkin? Butun dunyodan uni ajratib qo’yishga harakat qilayapmiz. Bu qanday bema’nilik”, - deydi Elen Lansberger.

Kubada 1961-yilda kommunist Fidel Kastro hokimiyatga kelganidan keyin AQSh diplomatik aloqani uzgan. Florida shtatidan atigi 150 kilometr naridagi bu orolga iqtisodiy sanksiyalar ham qo’yildi. Ammo har ikki tarafdan embargoni bekor qilaylik, degan talab tobora balandroq yangramoqda.

“Nazarimda, Shimoliy Amerika xalqlari kubaliklar singari o’zgalarga mehr-oqibatli, xabarlashib turishga tashna odamlar. Qani endi o’sha mehr bizgacha yetib kelishiga imkoniyat berilsa. Bir-birimizni yaxshiroq tushunardik. Qo’shnimiz axir”, - deydi kubalik Delia Maria Barroso.

Kuba bilan aloqani tiklashga doir har qanday tashabbus vatandan qochib, Amerika fuqaroligini olgan kubaliklar tomonidan qarshilikka uchraydi. Bu jamoa asosan Floridada qo’nim topgan. Ammo ularning yangi avlodi, AQShda tug’ilib o’sgan kubaliklar tarixiy vatani bilan bog’lanishni istaydi.

Obama ma’muriyati amaldagi qonun-qoidalarni biroz yumshatgan edi. U yerda oila-qarindoshlari bo’lgan amerikaliklar uchun yo’l ochiq. Madaniy-diniy sabablarga ko’ra ham sayohat qilsa bo’ladi.

Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Kubaga doir siyosat o’zgarib boraveradi.

“Gavanaga har yili minglab amerikaliklar borib kelayapti. Savdo-sotiq va muhojirlar orqali millionlab dollar pul orada aylanadi. Ikki xalq aloqada bo’lsin, bordi-keldi qilsin deymiz. Aslida bizning eng yaxshi elchilarimiz, namoyandalarimiz – bu oddiy fuqarolar”.

Kuba hukumati ham sekin-asta odamlarga erkinroq nafas olish uchun yo’l berayotgan ko’rinadi. Dissident yozuvchi va blogger Yoani Sanchez yaqinda Kolumbiyada o’tgan ijodiy kechada so’zlab, Kubada yangi gazeta ochish istagini bildirdi. Maqsad erkin matbuot uchun zamin hozirlash, deydi u.

“Nima bo’lishi mumkin? Ehtimol birinchi kunidayoq idoramiz eshigini buzib kirib, veb saytimizni blok qilishar. Taqiqlangan narsa odamlarni yanada o’ziga tortadi, shunday emasmi? Boshqa tarafdan, balki haqiqiy o’zgarishlar Kubada shunday bir nashrdan boshlanar”.

Adiba so’zlariga ko’ra, Kastro hukumati kichik o’zgarishlarga tayyor, chunki biladiki xalqni kommunistik utopiyaga ortiq ishontirib bo’lmaydi.