Dunyodagi eng qudratli davlat – AQShda kelasi 10 yilda harbiylar soni 100 mingga kamayib, mudofaa byudjeti 500 milliard dollarga qisqarishi kutilmoqda. Obama ma’muriyati bu boradagi rejasini Kongressga taqdim etadi.
Iroq va Afg’onistondagi urushlarni yakunlayotgan Qo’shma Shtatlar ixchamroq, ammo olovli nuqtalarda tez va operativ harakatlana oladigan armiyaga ega bo’lmoqchi. Qisqarishlar natijasida kelasi besh yilda qariyb 260 milliard dollar tejab qolinadi, deydi Mudofaa vaziri Leon Panetta.
“Zobitlar soni hozirgi 562 mingdan 490 mingga kamayadi. Harbiy-dengiz xizmatchilari soni esa 202 mingdan 182 mingga tushadi”, - deydi vazir, islohotni raqamlarda ifoda etar ekan.
Rasmiylarning aytishicha, AQSh F-35 rusumidagi ilg’or jangovar samolyotlarni ham kamroq xarid qila boshlaydi. Chet eldagi bazalar yopiladi. Harbiylarning maosh-pensiyalari ham kamayishi kutilyapti.
Bundan buyon e’tibor ixcham va zamonaviy, muayyan tahdidni bartaraf eta oladigan tezkor, maxsus kuchlarni tayyorlashga qaratiladi.
Amerikaning yangi mudofaa strategiyasida Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, xususan Xitoy va Shimoliy Koreyaga alohida ahamiyat qaratilgan. Yaqin Sharqdagi jarayonlar ham ko’zdan qochirilmaydi.
“Havo va dengiz kuchlari salohiyatini oshiramiz. Osiyo-Tinch okeani mintaqasida barqarorlikni ta’minlovchi kuch”, - deydi vazir Leon Panetta.
Harbiy tahlilchi Mett Irvin deydiki, 2001-yilning 11 sentyabri ketidan boshlanib ketgan urushlar natijasida piyoda askarlar soni haddan ziyod oshgan edi.
“Oradan 10 yil o’tib, tahdid darajasi ancha pasaygan. Hozirigi kunda Eron bilan aloqalar tarang. Yaqin Sharqda ertaga nima bo’lishini hech kim bilmaydi. Iroq va Afg’onistondan qo’shinlar olib chiqilganidan keyin ham regionda bazalar qoladi”, - deydi Irvin.
2012-yil AQShda saylov yili emasmi, prezidentning har bir qarori yaqindan kuzatilmoqda, ayniqsa harbiy sohadagi o’zgarishlarga kelganda. Muxolifat, ya’ni respublikachilar nazarida, Afg’onistonda urush davom etayotgan bir paytda Barak Obama Pentagon byudjetini kesayotgani xato qaror.