Amerika ta'lim tizimini tubdan o'zgartirgan hukm

  • Amerika Ovozi

Linda Braun Smit

Bundan 60 yil avval AQSh Oliy sudi chiqargan hukm ta’lim sohasini tubdan o’zgartirgan.

Hukm chiqarilgan vaqtda ayniqsa AQSh janubidagi maktablarda oq va qora tanli o’quvchilar alohida o’qitilgan. Bu holat 1896-yilda qabul qilingan va “alohida, lekin teng” o’qish imkoniyatlarini kafolatlovchi qarorga asoslangan edi. Ammo 1954-yilda Oliy sud alohida maktablar AQSh Konstitutsiyasiga zid deya hukm chiqaradi.

Qaror besh kishi shikoyatiga asoslangan bo’lib, uning markazida Kanzas shtatidan Linda Braun ismli qiz turgan. U uyining oldida oq tanli bolalar uchun maktab bo’lsa-da, shaharning boshqa chekkasida joylashgan qora tanlilar maktabiga qatnashga majbur edi. Bu holatdan norozi qizaloq va unga hamfikr insonlar davlatdan adolat talab qiladi.

Aderson Fransua - Vashingtondagi Xovard universitetida huquqshunos – professor.

“Braun Amerikada aparteidga chek qo’ydi. Men hukumatning odamlarni irqqa asoslab ajratish siyosatini nazarda tutyapman”.

Ammo, deydi olim, sud hukmida ijro muddati aniq belgilanmagan edi. Shu bois Amerika janubida, segregatsiya chuqur ildiz otgan hududlarda, ayrim maktablar 1960-yillargacha uni bajarishga shoshilmadi.

Hozirda ham AQShda ko’pgina maktablarda irq asosida bo’linish saqlanib qolgan. 2012-yili Kaliforniya universiteti o’tkazgan izlanishga ko’ra, maktablardagi ajralish kuchaygan. Sabab – ijtimoiy-iqtisodiy omillar, uy-joy ta’minotidagi kamsitish va sudlarning eski amaliyotni qayta tiklashga qaratilgan qarorlari.

Ta’lim sohasi faoli Jannet Teylor Vashingtonga kelib, hukumatdan adolat so’ramoqda. Oq tanlilar o’qiydigan maktablarga ozchilik vakillari o’qiydigan maktablarga qaraganda ko’proq pul ajratiladi, deydi u. Bunga chek qo’yish kerak.

“Bu ikki darajali tizim, qora tanli bolalar uchun yetarli mablag’ ajratilmayapti. Shuningdek, ta’lim sohasida noto’g’ri siyosat olib borilmoqda”.

Yana bir faol Jitu Braun fikricha ham irqqa asoslangan bo’linishga chek qo’yish kerak.

“Yuqori sinflarda bitta shaharning o’zida qora tanli bolalar oddiy darslarga qatnasa, badavlat oilalar farzandlari, ya’ni asosan oq tanli bolalar o’qiydigan maktablarda kollejga tayyorlanish bo’yicha kurslar tashkil etiladi.

So’nggi yillarda universitetlar talabalari orasida ham qora tanlilar ancha kamaygani kuzatiladi, deydi bu faollar. Bu borada Oliy Sud qator shikoyatlarni ko’rib chiqqan. Hukmdan bu faollar rozi emas.