Breaking News

BMT: Sportda iqrchilikka o'rin yo'q!


Kevin-Prins Boateng (chapda) o'yin paytida, Gana jamoasi saflarida.
Kevin-Prins Boateng (chapda) o'yin paytida, Gana jamoasi saflarida.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti sportda irqchilik hollariga qarshi kurashni kuchaytirmoqda. BMT rasmiylari va futbol yetakchilari bu go’zal o’yinda irqchilikka o’rin yo’q, deydi. Yaqinda “Milan” klubining o’yinchisi Kevin-Prins Boatengning bu illatga qarshi fikr bildirgani katta ahamiyatga ega voqea bo’ldi.

“Milan” jamoasining qora tanli yarim himoyachisi Kevin-Prins Boateng yanvar oyida o’rtoqlik uchrashuvi paytida tomoshabinlarning haqoratomuz hayqiriqlariga chidamay, 25-daqiqada maydonni tark etdi. So’ng jamoadoshlari ham unga qo’shildi. Bu bilan ular irqchilikka qarshi ekanini namoyish qildi. Boateng o’yinning to’xtashiga sabab bo’lgan ishidan afsuslanmaydi.

“O’yinni to’xtatib, to’pni chetga tepib yubordim. Chunki tomoshabinlarning ayrimlari irqimni haqoratladi. “Milan” klubi irqchilikka qarshi birdek turgani butun dunyoda katta shov-shuvga sabab bo’ldi”, - deydi u.

Boateng va yana bir necha o’yinchi BMTning sport orqali irqchilik va diskriminatsiyani yo’q qilishga qaratilgan tadbiriga taklif etildi. 26 yoshli futbolchi Germaniya poytaxti Berlinda tug’ilgan. Onasi nemis, otasi Ganadan. U Gana milliy jamoasi uchun to’p suradi.

Irqchilikka qarshi kurashish kerak, deydi Boateng.

“Chempionatmi, Jahon kubogi finalimi yoki shunchaki oddiy o’yinmi, irqchilikka qarshi har qadamga kurashish lozim”.

Fransiya terma jamoasining mashhur yarim himoyachisi Patrik Vieyra Boatengning harakatini olqishlaydi. Na futbol maydonida, na boshqa sohada irqchilikka o’rin bor, deydi u.

“Ilgarigi ahvol bilan bugungini solishtirsangiz, Boatengning maydondan chiqib ketishidan keyin vaziyat yaxshi tarafga o’zgarganini ko’rasiz,” - deydi Vieyra.

BMTning inson huquqlari bo’yicha bosh komissari Navi Pillayning aytishicha, sport o’yinlari chog’ida mana shunday hunuk hollar tez-tez kuzatiladi.

“Haqoratlar, baqir-chaqir, fashistlar belgilari va shiorlari, muayyan irq yoki millatga mansub o’yinchilarning u yoki bu jamoaga qo’shilishiga qarshi gaplar – XXI asrda bunday holatlarga o’rin bo’lmasligi kerak. Bu inson huquqlarining toptalishi axir!”

Yevropa futbol uyushmalari ittifoqi maslahatchisi Vilyam Gayar UEFA irqchilikka toqat qilmaydi, deydi. Stadiondagi nomaqbul hatti-harakatlarga qarshi jazolar joriy etilgan.

“Biz shunday siyosat olib borayotganimizdan mamnunmiz. Irqchilik, yahudiylarga qarshi shiorlar, jinsiy ta’qiblar, gomofobiyaga jamiyatda ham, futbol maydonida ham o’rin yo’q,” - deydi Gayar.

FIFA qoshida irqchilikka qarshi maxsus guruh tuzildi. Futbol muxlislarining irqchilikka doir bilimini oshiramiz, o’yin paytida o’zini tutishga o’rgatamiz, deydi tashkilot rasmiysi Federiko Adechi.

“Jarima yetarli jazo chorasi emas. Jamoalar to’plagan ochkolarni kamaytirish samaraliroq bo’lishi mumkin. Undan ham kattaroq natija beradigan chora – klublarni musobaqadan chetlatish. Irqchilikka qarshi chora ko’rmaydiganlar jazolanishi kerak. Futbolchilar bizdan aynan shunday siyosatni kutmoqda”.

Maxsus guruh a’zolari fikricha, sportda irqchilik hollariga chek qo’yish uchun futbol yoki davlatlar miqyosida yangi qonunlar qabul qilishning hojati yo’q. Ammo soha rasmiylari hamda hukumatlar mavjud qonunlarning amal qilishini ta’minlashi lozim, deydi ular.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG