Amerika maktablari o’quvchilarni yaxshiroq kiyinishga o’rgatmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika maktablarida/ In US Schools...

Virjiniyaning Manassas shahridagi Meyfil o’rta maktabi o’quvchilari har dushanba kuni kattalardek kiyinib keladi. O’g’il bolalar - kostyum-shim va galstukda. Qizlar – chiroyli ko’ylakda.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerikada o'quvchilar qanday kiyinadi?/Navbahor Imamova


Odatda jinsi shim va futbolkalarda yuradigan bu o’smirlar “Muvaffaqiyat deb kiyin” nomli dastur ishtirokchilari. Maktab rahbariyati bu yo’l bilan o’quvchilarning baholarini yaxshilash va mustaqil hayotga tayyorlash niyatida.

“Bugun maktabga qanday kiyinsam ekan?” Har kuni ertalab Diana Otero shu haqida o’ylaydi. Faqat dushanba kunlari bu 10 yoshli qizning nima kiyishi aniq - chiroyli ko’ylak.

“O’zimga ishonchim oshadi,” - deydi u.

Dushanba kungi darslar boshqa kunlarnikidan hech farq qilmaydi. Faqat o’quvchilarning ust-boshi boshqacha.

Diana “Muvaffaqiyat deb kiyin” nomli dasturga yaqinda qo’shildi: “Yaxshiroq baho olishga yordam beradi deb o’yladim”.

Shon Arrigoni ham aynan shu qiziqtirdi.

“Bu kiyimda o’tirganingda o’zingni yaxshi, bemalol sezasan, demak miyangni bir joyga qo’yib o’qiysan-da,” - deydi Arrigo. Baholarim ham endi yaxshiroq, deydi Shon. “O’zimni kattalardek sezaman”.

Shon maktab direktori Jeff Abtni juda hurmat qiladi, unga har jihatdan o’xshagisi keladi.

Abt bu dasturni maktabda uch yil avval boshlagan.

“Maktabda muhit yaxshilandi. O’quvchilar men yaxshi o’qiyman, eng zo’r kiyimimni kiyib, muvaffaqiyatga erishaman, deydi endi,” - tushintiradi direktor.

Erika Redler - maktab o’qituvchisi. Dushanba kunlari bolalarning yurish-turishi boshqacha, deydi u.

“Muvaffaqiyat deb kiyingan bolalarning ertalabdan qomati boshqacha, yuzida tabassum. Xayrli tong, deb kirib keladi. Bunday kayfiyatda bo’lsa, xulqi ham yaxshi tarafga o’zgaradi, o’zini kun bo’yi yaxshi tutadi”.

Bu dastur natijasida bolalarning bilimi oshib, baholari ham yaxshilanmoqda, deydi muallima.

Shu bois devorlarda “Muvaffaqiyat deb kiyin” dasturiga qo’shilishni targ’ib qiluvchi plakatlar osilgan. Maktab direktori deydiki, yaxshi kiyinib kelish qimmat kiyim kiyishni anglatmaydi:

“O’quvchilarimiz turli tabaqalarga mansub. Ular oddiy ko’ylak bilan galstuk taqsa ham muvaffaqiyat deb kiyingan hisoblanaveradi”.

Bolalar maktabni tugatib, mustaqil hayotga qadam qo’yganida, bu dastur doirasida olingan saboqlar asqotadi, deydi Abt.

“Ishga kirayotganingizda, kiyim javoniga qaraysizda, eng zo’r kiyimim qaysi, deysiz. Yaxshi taassurot qoldirishga harakat qilasiz. Ular meni ishga olsin, deysiz”.

Kattalarga o’xshab kiyinish bolalar uchun ham qiziq, ham mustaqil hayotga tayyorgarlik.