Amerikada xaridor ishonchi pasaygan. Ammo iqtisodiy tiklanishga umid bor

  • Amerika Ovozi

Amerikada xaridor ishonchi pasaygan. Ammo iqtisodiy tiklanishga umid bor

AQSh Savdo vazirligining bildirishicha, xaridor ishonchi so'nggi salkam bir yarim yilda eng quyi nuqtaga yetdi. Yevropada ham ko'rsatkichlar yaxshi emas. Bularning barchasi qimmatbaho qog'ozlar bozorida aks-sado bermoqda.

Amerikada ishsizlik sur'ati hamon yuqori, iqtisodiy tiklanishdan esa darak yo'q ekan, xaridorlar bozorda ancha passiv. Iqtisodiy o'sish ikkinchi chorakda yiliga salkam bir foizni tashkil etdi xolos. Iqtisodchi Garri Bartlesning aytishicha, byudjet kamomadi va davlat qarzi bo'yicha siyosiy munozaralar vaziyatni yanada og'irlashtirdi.

"Kongress iqtisodiyotni jonlantirish uchun joriy yilda hech narsa qilgani yo'q. Aksincha, kelasi bir yilda ahvol bundanda yomonlashishi kutilmoqda", - deydi mutaxassis.

Ayrim kuzatuvchilar AQSh tomonidan xarajatlarning qisqartirilishi yana bir tanazzulga sabab bo'lishi mumkin, deb hisoblaydi. Yevropada ham vaziyat chatoq. Yevro bilan muomala qiluvchi 17 davlatdan eng yirigi - Germaniyada ham iqtisodiy o'sish sezilarli darajada emas. Ikkinchi chorakda 0,1 foiz atrofida. Bu esa Gretsiya va Portugaliya kabi qarzga botgan davlatlarga yordamni qiyinlashtiradi.

Moliyaviy mavhumlik sabab banklar foiz stavkalarini ko'tarishga majbur bo'lishi mumkin. Buning oqibatida yevrozonadagi kichikroq davlatlar defoltga uchrashi muqarrar.

London Iqtisodiyot maktabi xodimi Ayan Beggning aytishicha, bunday krizis Amerika banklariga ham ta'sir qilishi ehtimoli bor.

"2008-yilda Leyman Brazers sarmoya banki kasodga uchrashi oqibatida yuzaga kelgan tanazzulni bilamiz. AQSh va Yevropa moliya tizimlari chambarchas bog'liq. Shu sabab bir tizimdagi muammoning boshqasiga ta'sir qilmay iloji yo'q", - deydi Begg.

Iqtisodchi Vinsent Raynxartning aytishicha, sarmoyadorlar shunday bo'lishini sezsa, pullarini banklardan chiqarib olishi mumkin.

"Yevropadagi muammolar oxir-oqibat Amerikaga ham ta'sir qiladi", - deydi u.

Yevropa rahbarlari tanazzulga yechim topa olmayotgan bir paytda Amerika muammosini hal qilishga oz bo'lsa-da, umid bor, deydi mutaxassislar.

Prezident Obama kelasi hafta Kongressning har ikki palatasi oldida so'zlab, yangi iqtisodiy rejasini e'lon qilmoqchi. Demokrat va respublikachilardan tushgan takliflar ushbu tashabbusda aks etadi, deydi prezident.

"Siyosatni chetga surib, davlat manfaatlaridan kelib chiqib ish ko'rish vaqti keldi", - deydi Obama.

Biroq, deydi kuzatuvchilar, iqtisodiy masalalar siyosat bilan uzviy bog'liq. Davlat rahbari ishsizlikni kamaytirib, iqtisodiyotni jonlantira olmasa, kelasi noyabrga belgilangan saylovlarda uning g'alabasi amri mahol bo'ladi.