Amerikada tahsil olishni istaysizmi? O’zbekistonlik talaba hikoyasi

Shimoliy Karolina Universitetining jurnalistika maktabi

Iqtisodiy krizis, byudjet tarang bir paytda universitetlarga ham qiyin, ayniqsa davlatdan moliya oluvchi ta’lim maskanlariga. Bu sharoitda sifatli bilim berish mushkul, lekin universitetlar borki, har doim peshqadam.

So’nggi so’rov natijalariga ko’ra, AQShning Shimoliy Karolina Universiteti mana 10 yildirki shu maqomni saqlab kelmoqda.

Amerika matbuotida yaqinda davlat tomonidan moliyalanuvchi eng zo’r ta’lim dargohlari ro’yxati chop etildi. 100 universitet va kollej ichida Shimoliy Karolina Universiteti birinchi o’rinda.

Bu oliygohga kirish talablari juda qattiq, studentlari raqobatbardosh, professorlari o’tkir, o’qish ham u qadar qimmat emas. Byudjet qisqarib, ta’lim dargohlari qisinib-qimtinib qolgan bir pallada Shimoliy Karolina Universitetining qaddi tik.

Jurnalistika va kommunikatsiya yo’nalishida eng zo’r uch universitetning biri ham shu.

Shimoliy Karolina Universiteti talabasi, farg’onalik Behzod Mamadiyev shu yil o’qishni tugatadi. Jurnalistika sohasida magistr darajasini olish arafasida.

Baland bo’yli, vazmin, oz ammo soz gapiradigan bu yigit Amerika hukumati homiylik qiladigan Edmund Muskie dasturi orqali kelgan.

Programma haqida AQShing O’zbekistondagi elchixonasi veb-saytidan batafsil ma’lumot olishingiz mumkin. Elchixona sahifasi uzbekistan.usembassy.gov.

Behzod chet elda bilim olish oson emas deydi.

“Amerikaga birinchi marta kelishim. Nazariy jihatdan bu yerda hayot, o’qish qanaqa bo’lishini bilganim bilan amalda ko’rmaganim uchun boshida ko’nikib, moslashib ketish qiyin bo’ldi. Qolaversa, magistratura darajasida o’qish bu yerda juda qattiq. Lekin ko’rdimki, harakat bo’lsa, biz amerikaliklar, hatto ulardan ham yuqori natija ko’rsatishimiz mumkin ekan. O’qishim yaxshi”, - deydi Mamadiyev.

Amerika ta’lim dargohlarida hamma narsa talaba uchun, uning o’qib-uqishi uchun yo’naltirilgan, deydi u. “Siz xuddiki mijozdaysiz”.

“Universitet kutubxonalarini olasizmi, professorlarning munosabatini… juda oliy darajada. Shunaqa sharoitki, albatta bu yerda o’qishingiz kerak. Kutubxonalari juda boy, har qanday kitobni topishingiz mumkin. Dunyodagi jamiki ilmiy manbalarni internetdagi maxsus tizimga kirib topasiz. Hatto kutubxonaga borib, an’anaviy tarzda o’tirib dars qilishga hojat yo’q”, - deydi Behzod.

Sara universitetning bosh hislatlaridan biri shuki, u talabaga mustahkam bilim beradi, toki u ixtisosligi bo’yicha ish topib, ilg’or mutaxassis bo’lib yetishsin.

“Universitetim ham nazariy, ham amaliy bilim bera olayapti deb hisoblayman. Qaysi bir sohani o’qisangiz, o’sha sohaning yaxshi professorlari bor. Jurnalistikani olsak, kunning eng dolzarb mavzulari tanlanib, o’rtaga tashlanadi. Bahs qilinadi. Beradigan topshiriqlari, ilmiy ishlar amaliyot bilan bog’liq. Ilmiy ish o’z nomi bilan bir yangilik yaratishi kerak. Jurnalistikada ham talaba yechimi topilmagan bir mavzuni oladi-da, uning ustida izlanadi”.

Magistraturada o’qish ilmiy ish yozish degani. Favqulodda holatlarda davlat o’z fuqarolari bilan qanday aloqada bo’lishi kerak? O’bro’sini saqlab qolishi uchun qandar kommunikatsiya vositalarini ishga solishi kerak? Behzod o’z ilmiy ishida mana shu savollarga javob izlayapti.

Yaxshi universitet, deydi mutaxassislar, talabaning eng ma’qul hislatlarini yuzaga chiqara oladi. Jamiyatning to’laqonli a’zosi bo’lib yetishishiga yordam beradi. Behzod professorlar muomalasiga tahsin aytadi.

“Nafaqat bizning universitetda, balki umuman Amerika ta’lim tizimida shunaqa o’qish madaniyati shakllanganki, professor va talaba, studentlar orasida ham hurmat kuchli. Professor o’z talabasiga do’st sifatida munosabatda bo’ladi. Shu bilan birga o’quvchi domlaning oldidagi mas’uliyatni his qiladi. Masalan, O’zbekistonni oladigan bo’lsak, professor bilan talabalar o’rtasida ancha uzilish bor. Professor o’zining qarashlarini o’tkazmoqchi bo’ladi. Hatto studentni mensimagandek, uni hatto so’kishi mumkin boshqalarning oldida. Bu narsalar yo’q Amerikada. Hatto sizning bahoingizni boshqa hech kim bilmaydi – siz va professor bilasiz xolos”.

Domlalar, deydi Behzod, darsdan keyin, muayyan soatlarda siz bilan o’tirib, batafsil gaplashadi. Maslahat berishga tayyor. Professor bilan bog’lanib alohida uchrashishingiz mumkin. Ilmiy ish bilan band student uchun bu juda muhim, deydi Behzod.

“O’zbekistonda bunday amaliyotni deyarli uchratgan emasman. Darsdan tashqari biror talaba, o’rganayotgan mavzusi bo’yicha professori yoki o’qituvchisining oldiga borib, o’tirib, yarim-bir soat gaplashganini ko’rmaganman. Bu yerda darsda emas, darsdan tashqari ko’proq ko’rishasiz domla bilan. Chunki ilmiy ishingizga xos jihatlarni leksiyada emas, alohida uchrashib, muhokama qilib olish qulayroq. Qanday adabiyotlar o’qish kerakligini aytadi. Mana shunday ruhda ishlash menga juda yoqdi”.

Behzod avval O’zbekistonda Jahon Tillari Universitetida, so’ngra Hindistonda, Dehli Universitetida ta’lim olgan.

Darvoqe, Hindistonda o’qish imkonini beruvchi mazkur loyihani Toshkentdagi Hind madaniyat markazi boshqaradi. Markaz sayti www.icc.indembassy.uz.

Dehlidagi taassurotlarini eslar ekan, imtihonlar juda murakkab edi, deydi u.

“Lekin semestr davomida studentni o’qishga majburlash Amerikadagi kabi bo’lmagan”, - deydi Mamadiyev.

“Dehli Universitetida paytimda asosan imtihondan oldin qattiq o’qir edim. Ungacha leksiyalar bo’lar edi. Darslarda professor va o’quvchilar o’zaro munozaraga kirishmas edi. Bu yerda har bir darsga tayyorlanib kelishingiz kerak. Bo’lmasa, tayyor emasligingiz bilinib qoladi. Minus bo’ladi sizga. Menga yoqqan narsa ham shu – sizni o’qishga majbur qiladi Amerikadagi tartib. Nafaqat imtihondan oldin, balki har bir haftada. Shunda professor sizga nega o’qib kelmading, o’qib kelishib shart degan talab qo’ymaydi. Semestrdan oldin sizga dars jadvali, o’quv qo’llanmasi beriladi. Unda talab-shartlar aytilgan, albatta o’qib, tayyorlanib kelish kerak, degan ma’noda. Bu narsa ikkinchi marta hech qachon qaytarilmaydi”.

Behzod shpargalkalar masalasida alohida to’xtaladi. Bu, deya mulohaza yuritadi u, shpargalkalar taqiqlangani uchun emas, balki Amerika talabalarida shunday madaniyat shakllanganidan dalolat beradi.

“O’zbekistonda, vatanimizda bilasiz, eng asosiy muammo shu. Korrupsiya, o’qituvchilarning pora olishi. Imtihonlardan o’quvchilarning ochiqdan-ochiq kitoblardan ko’chirishi. Bizda yaxshi kadrlar yetishmasligining eng katta sababi mana shu. Amerikada haqqoniylik birinchi o’rinda. Bu yerda talabalar sudi bor. Buni universitet tashkil qilmagan, talabalar o’zi tashkil qilgan. Agar kimda-kim shpargalka ishlatsa, talabalarning o’zi sud qiladi uni. Juda zo’r amaliyot, to’g’rimi?!”

Amerikada studentlik hayoti shuki, qiz-yigitlar kunu tun universitetda. Erta ekanu, kech bo’ldiyu demaydi hech kim.

“Kechqurun soat to’qqizda o’qish hududiga borsangiz, yuzlab talabalarni ko’rasiz. Kutubxonalar to’la. Huddi asosiy darslar bo’layotgan payt deb o’ylaysiz. Ya’ni har doim talabalar bilan gavjum o’quv binolari. O’zbekistonda soat kunduz ikkidan keyin fakultetda hech kim qolmaydi. Chunki ayrimlar faqat kunini o’tkazish uchun keladi. Boshqalar jiddiy emas. AQShda esa talaba ertalab turganidan kechqurun yotgunicha hayoti o’qishi bilan bog’liq desa bo’ladi”.

Shimoliy Karolina Universitetining kundalik gazetasi bo’lib, unda o’qishda muvaffaqiyat qozongan talabalarning royxati chop etiladi. Behzod Mamadiyev ham mana shu safda tilga olingan studentlardan.