Jo Bayden AQShning navbatdagi prezidenti etib saylanishi Afg’onistonda iliq kutib olinmoqda. Prezident Muhammad Ashraf G’ani uni saylov g’alabasi bilan tabriklagan.
“AQSh bizning strategik sherigimizdir. AQSh bilan terrorizmga qarshi kurash va Afg’onistonda tinchlik va barqarorlik ta’minlanishi xususidagi sherikligimiz davom etadi”, - deydi G’ani.
Jo Bayden vitse-prezident bo’lgan paytda AQSh bilan ishlagan Afg’oniston sobiq prezidenti Hamid Karzay Amerikaning yangi hukumati Afg’onistondagi tinchlik masalasiga jiddiy e’tibor qaratishiga umid bildirdi.
“Qon to’kish to’xtatilishi kerak”, - deydi Karzay.
“Milliy Junbish” partiyasi rahbari marshal Abdul Rashid Do’stum Qo’shma Shtatlarning Afg’onistonga qaratilgan yordami mamlakat o’zini o’zi himoya qila olgunga qadar davom etishini ta’kidlaydi.
Do’stum yana bir bor Tolibonga harbiy bosim o’tkazilishi, guruhni harbiy yo’l bilan muzokaralarga majburlash zarur ekaniga urg’u beradi.
“2001-yil Tolibon hokimiyatdan ketib, demokratiya va so’z erkinligiga asoslangan tuzum tashkil qilindi. Toliblar va Al-Qoida o’shanda mag’lub bo’ldi, lekin tahdidlar hanuz ham mavjud”, - deydi u.
Buni ham ko'ring AQSh Afg'onistondagi askarlari sonini to'rt mingga tushirmoqchiBa’zilar fikricha, Jo Baydenning prezidentlik davrida AQShning Afg’onistonga nisbatan siyosati o’zgarishi mumkin. Trampning Tolibon bilan munosabati, mamlakat toliblarga topshirilishi mumkinligidan xavotir bildirib kelgan afg’onlar Bayden uzoqni o’ylab qadam tashlashiga umid bog’lagan.
Lekin ayrimlar Amerikaning xorijiy siyosati, xususan Afg’onistonga nisbatan yondashuvi o’zgarmasligini aytadi.
“Jo Bayden hokimiyati paytida Afg’onistonda vaziyat yanada og’irlashishi mumkin”, - deb yozadi “Facebook” foydalanuvchisi Najib Aziz.
Umuman olganda, Bayden Oq uyga kelishi bilan Afg’onistonda vaziyat yaxshilanadi degan qarash mavjud. Tramp va Bayden aynan bir odam deyayotganlar juda oz.
Bayden AQShning Tolibon bilan imzolagan bitimini bekor qiladimi? Siyosatda bu guruhga nisbatan qattiqqo’l bo’ladimi? AQSh harbiylari Afg’onistonni butunlay tark etadimi? Bu savollarga vaqt javob beradi.