Amerikada sanoat ishchilari kimga ovoz beradi?

  • Amerika Ovozi

Voting Election Pen 2016

Pensilvaniya shtatining Vifleyem (Baytulloh) shahrida bir paytlar mamlakatdagi ikkinchi eng yirik po’lat korporatsiyasi joylashar edi. Asr boshida zavod yopilib ketdi. Shaharda sanoat gullab-yashnagan davrlarni yaxshi eslaydigan odamlar ishchilar huquqlari oyoq osti qilinayotgani, ish o’rinlari chet davlatlarga chiqib ketayotganidan xavotirda. Bu odamlarning kayfiyati prezident saylovlari natijasida hal qiluvchi rol o’ynashi mumkin.

Richard Chek Pensilvaniya sharqidagi Vifleyem (Baytulloh) po’lat korporatsiyasida 43 yildan oshiq mehnat qildi. Bu 1857-yilda asos solingan mamlakatdagi ikkinchi eng yirik po’lat zavodi edi.

Oxirgi yillari, zavod yopilishidan oldin, Richard ishda o’zini ancha oldirib qo’ydi.

“Ovqat yeb, uxlab, yana ishga ketardim. Har kuni ahvol shu edi”, - deydi u.

Richard Chek 2001-yilda zavod kasodga uchrab yopilishidan oldin muzokara olib borgan kasaba uyushmasidan hanuz o’pkalab yuradi.Lekin uning aytishicha, kasaba uyushmasi baribir ishchilar haqlari uchun kurashuvchi muhim idora.

“Kasaba uyushmalari bo’lishi kerak, chunki ularsiz bugun minimal ish haqi degan tushuncha bo’lmas edi! Otam 1910-yilda soatiga atigi 12 sent pul topgan”, - deydi u.

Kasaba uyushmalari huquqlari sanoat ishchilari orasida eng dolzarb mavzulardan bo’lib qolmoqda. Vifleyemda (Baytulloh) bu mavzu shu qadar muhim ko’riladiki, prezident saylovlarida hal qiluvchi rol o’ynashi hech gapmas.

“Respublikachi Donald Trampning aytim fikrlari bizga ma’qul. Demokrat Berni Sandersning qator tashabbuslari ham ma’noli. O’ylab ovoz beramiz”.

Lester Klor po’lat zavodiga 33 yil umrini berganlardan. Respublikachi Tramp ish o’rinlarini yana Amerikaga qaytarishga va’da berayapti. Demokrat Sanders eng kam ish haqini oshirmoqchi. Bular ma’qul takliflar, deydi u. Lekin Klor nazarida birorta nomzod va’dasini bajarishga haddi sig’maydi.

Trampni oling…

“Kasaba uyushmalarini himoya qilaman, deyapti. Ammo bilishimcha, o’zining kazinosida ishchilari ish tashlagan. Ular bilan o’tirib, murosa qila olmayapti. Shuni eplamagan odamdan nimani kutish mumkin?” - deydi Klor.

Shu bilan birga, Vifleyemda (Baytulloh) iqtisodiy ahvol yaxshilangan. Bugun gullab-yashnayotgan sohalar xizmat ko’rsatish, omborxonada yuk tashish. Ammo avvalgi po’lat sanoatida bo’lganidek imtiyozlar yo’q, deydi mutaxassis Jill Shennum.

“Soatiga 13 dollar maosh to’lanadi. Ko’pining kasaba uyushmalariga aloqasi yo’q. Omborlar odamlarni vaqtincha ishga oladi, imtiyozlar taklif qilmaydi”.

Zavodning sobiq ishchilari qatori Richard Chek bu yil prezident saylovlarida partiyaga qarab emas, saylov dasturiga qarab ovoz bermoqchi.

“Respublikachi bo’lsa respublikachiga, demokrat bo’lsa demokratga ovoz beraman. Nima taklif qilishiga qarab”, - deydi u.

Har narsadan Chek uchun ta’lim imkoniyatlari muhimroq. 43 yil ishlab qo’ygani uchun ham bolalarini bepul kollejga yubora oldi. Bu kasbiy imtiyoz bu ota uchun g’oyat muhim.

Pensilvaniyadagi po'lat zavodi. 1900-yillar boshi.

Vifleyem (Baytulloh) po'lat korporatsiyasi. 1907-1914-yillar.