Amerikada Kongress uchun berilgan ovozlar sanalar ekan, Vakillar Palatasida g'alaba Respublikachilar partiyasi tomonda.
Palatani Demokratik partiyadan tortib olish uchun ularga hozirgi o'rinlarni saqlab qolgan holda yana 39 o’rin kerak edi. So'nggi ma'lumotlar shunday dalolat bermoqdaki, respublikachilar undanda ortiq o'rinni qo'lga kiritib bo'lgan.
Bu degani demokrat Nensi Pelosi spikerlikdan tushib, uning o'rnini respublikachilar yetakchisi Jon Beyner egallaydi.
Pelosi xonim tarafdorlar oldida so'zlar ekan, "Amerika xalqini qiynayotgan muammolarni yechish uchun ter to'kishda davom etamiz",- dedi.
Beyner esa "Hozir g'alabani nishonlaydigan payt emas. Har 10 amerikalikdan biri ishsiz, ilojsiz o'tiribdi. Yengimizni shimarib, bu mashaqqatli davrdan chiqish uchun qattiq mehnat qilmasak bo'lmaydi",- dedi.
435 o’rinli palatani 2006 yildan beri demokratlar tebratib kelayotgan edi.
100 o’rinli Senatda esa 37 joy uchun kurash ketdi. Respublikachilar shundan 10 tasini qo’lga kiritsa, marra ularniki bo'lar edi, lekin partiya bunga erisha olmadi.
Tarixdan ma’lumki Kongressga saylovlarda ko'p hollarda prezidentning partiyasi boy beradi, butunlay bo'lmasa-da, qisman.
Ko'plab amerikaliklar nazarida iqtisodiy vaziyat hamon tang ekan, qonunchilarni yangilash vaqti keldi. Boshqalar esa aslida har ikki partiyani quruq va'dalarda ayblab, ulardan to'yganini aytadi.
Eslatib o’tamiz, vakillar ikki yilga, senatorlar esa olti yilga saylanadi.
Shu bois har ikki yilda butun Vakillar Palatasi va Senatning uchdan bir qismi yangilanadi yoki qayta saylanadi.
Bugun Amerikada saylovchilar 39 shtatda gubernatorlar uchun ham ovoz bermoqda.
Prezident Barak Obama umidni boy bermayapti. Ona shtati Illinoisda so’zlar ekan, yurtdoshlarini ovoz berishga undadi.
“Davlat dardimni eshitsin desangiz ovoz bering”,- deydi u. “2008 yilda o’zgarish uchun, biz uchun ovoz bergan bo’lsangiz, bu safar ham bizga ishonch bildiring”, - deydi u.
Prezident bergan va’dalari ikki yilda butunlay ro’yobga chiqmasligi tabiiy ekanini eslatadi. Xalqdan sabr-toqat so’ramoqda.
Lekin bugun ishsiz, maoshsiz o’tirgan millionlab amerikaliklar kutib o’tirishga fursat va imkoniyat yo’q deydi.
Sobiq kongressmen, respublikachi Dik Armi “Choychilar” degan yangi siyosiy, konservativ harakat boshida turganlardan biri. Respublikachi nomzodlar bugungi muammolarni hal etishga qodir, deydi u.
“Respublikachilar, baraka topsin, xalq nima istashini biladi. O’tmishdan yaxshi saboq olib, Amerika manfaati uchun jon-jahdi bilan kurashadi. Bugun ularga g’alaba keltirishi tayin”,- deya ishonch bildiradi konservativ yetakchi.
Kongress, deydi siyosiy tahlilchi Larri Sabato, 2006 yilda butunlay demokratlar izniga o’tgan edi. Sabab asosan Jorj Bushning o’zboshimcha siyosati bo’lgan. Odamlar Iroqdagi urushdan qanchalik norozi ekanini saylovlarda bildirgan.
Iqtisodiy inqiroz oqibatlari har yerda namoyon ekan, odamlarning amaldagi rahbarlarga ishonishi qiyin, deydi u.
Bu saylovlar AQSh tashqi siyosatiga bevosita ta’sir qilmaydi, chunki bu sohada tizgin prezident qo’lida.
Lekin respublikachilar Kongressda ko’pchilik o’rinni egallasa, Obamaning u yerda tasdig’ini kutayotgan takliflari, ratifikatsiya qilinishi kerak bo’lgan bitim va shartnomalar rad etilishi mumkin.
Afg’onistondagi strategiyani o’zgartirish kerak deya bosim oshirilishi mumkin. Ko’plab respublikachilar Obamani Rossiya bilan aloqalarda Kremlga yon berib, Amerika qudratini pasaytirayotganlikda ayblaydi.
Siyosiy tahlilchi Tomas Mann respublikachilar byudjetni qirqishga tushadi deydi.
“Kongressga saylanishi kutilayotgan yangi arboblar orasida moliyaviy jihatdan juda konservativ, agressiv desak bo’ladi, respublikachilar bor. Ular hukumatni o’ylamay sarf-xarajat qilayotganlikda ayblab keladi. Ular o’tgan ikki yilda qabul qilingan qaror va ishga solingan dasturlarni bekor qilishga bel bog’lagan”, - deydi Tomas Mann.